22-may kuni “Domino's Pizza” Toshkentdagi birinchi restoranini ochdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Spot"ga xabar berdi.

O‘zbekiston tarmoq mavjud bo‘lgan 95-davlatga aylandi. Birinchi filial Labzak massividagi 9A-binosida joylashgan.

“O‘zbekiston — yirik bozor. Biz har bir hududda bo‘lishni xohlaymiz. Albatta, poytaxtdan boshladik. Maqsadimiz — Toshkentda „Domino's Pizza“ brendini rivojlantirish. Kelgusida hududlarni rivojlantirishga e’tibor qaratamiz”, — dedi “Domino's Pizza Uzbekistan” loyihasi rahbari, mamlakatda franshiza rivojlanishiga mas’ul Grisha Nikolov “Spot"ga bergan intervyusida.

Grisha Nikolov joriy yil oxirigacha hozirda qurilish bosqichida turgan yana bir nechta restoranlar ochilishini qayd etdi. Biroq, ularning aniq soni va manzilini aytishni xohlamadi.

Bundan tashqari, “Domino's Pizza Uzbekistan” direktori yangi filiallar uchun joy tanlashda yirik savdo va ko‘ngilochar markazlarga ustuvor ahamiyat bermasligini ta’kidladi.

“Hozirgi bosqichda biz restoranlarning markaziy ko‘cha va yo‘llarda joylashgani hamda mijozlarimiz uchun qulay bo‘lishini ta’minlashga harakat qilyapmiz. Bizning manzillarimizda doimo qulay transport, mavjud avtoturargoh va komfort haqida o‘ylaymiz”, — dedi Nikolov.

Restoratorning aniqlik kiritishicha, “Domino's Pizza"ga mahsulot yetkazib berishning 90%dan ortig‘i mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ta’minlanadi.

O‘zbekistondagi xalqaro pitseriya tarmoqlari

2023-yilning dekabrida “Spot” “Papa John’s” xalqaro pitseriya tarmog‘ining O‘zbekiston bozoriga chiqish rejalari haqida xabar bergandi. Toshkentda brendning 6ta nuqtasi ochilishi rejalashtirildi.

Iyul oyi boshida “Pizza Hut” O‘zbekistonda birinchi restoranini ochishni rejalashtirmoqda. Yil oxirigacha 4ta nuqta, jumladan, “Tashkent City Mall” va “Seul Mun"da ishga tushiriladi.

Domino’s Pizza— 1960-yilda Michigan shtatida (AQSh) tashkil etilgan xalqaro pitseriya tarmog‘i. Restoran dunyodagi yetakchi umumiy ovqatlanish korxonalaridan biri hisoblanadi. Tarmoqning 95ta xalqaro bozorda 20 mingdan ortiq do‘konlari mavjud.