“O‘zbekneftgaz” kompaniyasi Kaspiy dengizining Ozarbayjon shelfidagi “Shohdengiz” gaz kondensati loyihasiga kirishi mumkin. Bu haqda Ozarbayjonning “Trend.az” axborot agentligi xabar berdi.

Seshanba kuni O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Gubada o‘tayotgan Ozarbayjon-O‘zbekiston mintaqalararo ikkinchi forumi doirasida jurnalistlarga bu bo‘yicha ma’lum qildi.

“Biz „SOCAR“ kompaniyasini taklif qilamiz va u bilan O‘zbekistondagi neft va gaz qazib olish loyihalarida ishtirok etishi haqida gaplashamiz. Ozarbayjonda mavjud „Shahdeniz“ loyihasida ulush asosida ishtirok etish muzokaralar mavzusidir”, — deydi vazir.

Qudratov yaqin oylarda “O‘zbekneftgaz"ning “Shohdengiz"ga kirishi bo‘yicha hujjatlar imzolanishiga umid bildirdi.

“Bizning ushbu loyihadagi ishtirokimiz chet ellik maslahatchi ishtirokida jiddiy moliyaviy va huquqiy ekspertiza talab qiladi”, — dedi u.

“Shohdengiz” loyihasi 1996-yildan buyon amalga oshirilib kelinmoqda. 2013-yilda Shoh-dengiz konini o‘zlashtirish bo‘yicha kelishuv 2046-yilgacha uzaytirildi.

Hozirgi vaqtda loyiha ishtirokchilari “bp” (ishlab chiqarish operatori — 29,99%), “Lukoyl” (19,99%), “TPAO” (19%), NIKO (10%), “SGC Upstream” (Ozarbayjon manfaatlarini ifodalovchi, 21,02%).

“Shohdengiz"ning zaxiralari 1,2 trln kub metr gaz deya baholanmoqda. Hozirgacha mazkur resursning qariyb 20% qazib olingan.

Avvalroq, “O‘zbekneftgaz” va “Gazpromneft” Burg‘ilash ishlarini boshqarish markazini ochgani haqida xabar berilgandi. Bu orqali quduqlarni burg‘ilash muddatini 45%gacha qisqartirish va ularning qurilish qiymatini 35%ga kamaytirish mumkin bo‘ladi.