Soliq qo‘mitasi tovarlar va xizmatlarning bozor narxlaridan kelib chiqib soliq bazasini aniqlash orqali teng raqobat muhitini yaratishga qaratilgan hukumat qarori loyihasini muhokamaga qo‘ydi.

Mazkur qaror loyihasi insofli soliq to‘lovchilar va iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish hamda yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan.

Hujjat bilan tovar va xizmatlarning bozor narxidan kelib chiqib soliq bazasini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi.

Tovarlarning (xizmatlarning) bozor narxini aniqlashda foydalaniladigan usullar hamda ularni qo‘llash, QQS, foyda solig‘i va aylanmadan olinadigan soliq bazasini aniqlash tartiblari belgilanmoqda.

Talablar tajriba tariqasida quyidagi tovarlarga nisbatan tatbiq etiladi:

  • 2024-yilning 1-avgustidan — ko‘chmas mulk obyektlari, birja va davlat xaridlari uchun elektron platformalarda sotiladigan tovarlarga;
  • 1-oktabrdan — raqamli identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovka qilinishi lozim bo‘lgan tovarlarga.

Soliq qo‘mitasi 2025-yilgacha mazkur tajriba natijalaridan kelib chiqib, tartibni barcha tovarlarga (xizmatlarga) qo‘llash yuzasidan hukumatga taklif kiritadi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi va Respublikasi tovar-xomashyo birjasi 1-iyulgacha quyidagilarni yo‘lga qo‘yadi:

  • davlat xaridlari va birja savdolari ishtirokchilari tomonidan tuzilgan shartnoma ma’lumotlarini (har bir lot va tovarlar nomenklaturasi kesimida);
  • tuzilgan shartnomalarning ijrosi bo‘yicha elektron hisobvaraq-faktura ma’lumotlarini axborot tizimlarini integratsiya qilib, o‘zaro real vaqt rejimida almashishni.

Nizom talablari soliq to‘lovchilar tomonidan realizatsiya qilingan tovarlarning (xizmatlarning) hisob hujjatlarida aks ettirilgan narxi xuddi shu tovar (xizmat) bo‘yicha aniqlangan bozor narxidan 25%dan past yoki yuqori bo‘lsa qo‘llaniladi.

Bunda, tovarlarning (xizmatlarning) hisob hujjatlarida aks ettirilgan narxi aniqlangan bozor narxidan 25%dan yuqori bo‘lsa, bozor narxi faqat import qilingan tovarlarga (xizmatlarga) nisbatan foyda solig‘i bazasiga tuzatish kiritishda qo‘llaniladi.

Agar tovar va xizmatlarning narxi ko‘rsatib o‘tilgan manbalarda turlicha bo‘lsa, soliq solish maqsadlarida ularning o‘rtacha tortilgan qiymati inobatga olinadi.

Tegishli manba ma’lumotlari orqali aniqlanadigan ulgurji va birja savdolaridagi narxlar ulgurji savdo va ishlab chiqaruvchilar uchun, chakana va davlat xaridlari narxlari chakana savdo uchun qo‘llaniladi.

Tovar va xizmatlarning ulgurji narxini aniqlashda birja narxlari va kotirovkalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ustunlik beriladi.

Qaror loyihasi bilan batafsil havola orqali tanishish mumkin. Fikr-mulohazalar 6-iyungacha qabul qilinadi.

Avvalroq soliq organlariga tadbirkorlar hududiga kirishga ruxsat berilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Deklaratsiyada import qilinadigan tovarlar qiymatini kam ko‘rsatganlik uchun jarimalar joriy etish ko‘zda tutilgan.