O‘zbekiston va Ozarbayjon qo‘shma onlayn tijorat platformasini yaratishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Trend.az” axborot agentligi xabar berdi.

Joriy yilning 21-may kuni Ozarbayjonning Guba shahrida ikkinchi O‘zbekiston-Ozarbayjon hududlararo forumi o‘tkazildi. Unda ikki davlatning 300dan ortiq ishbilarmon doiralari vakillari, vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari ishtirok etdi.

So‘nggi 5 yilda ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmining 3 barobar, 2024-yil boshidan esa yana 15%ga o‘sishi kuzatildi.

Mamlakatlar yaqin kelajakda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini $1 mlrdga yetkazish yuzasidan ishonchli choralar ko‘rmoqda.

Bundan tashqari, qo‘shma korxonalar soni 5 barobarga oshdi. O‘zbekistonda Ozarbayjon kapitali ishtirokidagi 240dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda.

Hamkorlikni rivojlantirish borasida iqtisodiyotlarni bir-birini to‘ldirish tamoyiliga asoslanib, savdo aloqalarini chuqurlashtirish, neft-kimyo mahsulotlari va oziq-ovqat, elektrotexnika, to‘qimachilik va farmatsevtika mahsulotlari savdosini oshirish zarurligi qayd etildi.

EIZ imtiyozlari asosida yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, elektrotexnika, mashinasozlik, kimyo va zargarlik sanoati sohalarida qo‘shma sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirish ko‘zlangan.

Tomonlar qo‘shma onlayn tijorat platformasini yaratish istagida. Bu haqda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov o‘z nuqtida ma’lum qildi.

“Bu ham savdo operatsiyalarini amalga oshirish, ham birgalikda investitsiya loyihalarini boshlash bo‘yicha biznes vakillari bir-birlarini bemalol topishlari mumkin bo‘lgan savdo platformasi bo‘ladi”, — dedi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, onlayn platformani ishga tushirish orqali Ozarbayjon va O‘zbekiston ikki davlat tadbirkorlariga to‘g‘ri sheriklar topish va yangi savdo-iqtisodiy hamkorlik loyihalarini yaratish imkonini beruvchi qo‘shimcha vosita yaratishi mumkin bo‘ladi.

Termiz va Bilasuvar, Namangan va Mingechevir, Guliston va Fizuli shaharlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik to‘g‘risida o‘zaro anglashuv memorandumlari hamda qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik sanoati sohalarida investitsiya bitimlari va savdo shartnomalari imzolandi.

Avvalroq “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi Kaspiy dengizining Ozarbayjon shelfidagi “Shohdengiz” gaz kondensati loyihasiga kirishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.