“Yashil” transport yo‘laklari va elektrobus parkini joriy etishda Ispaniya bilan hamkorlik qilinadi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ispaniya qirolligiga tashkil etiligan o‘quv xizmat safarida vazirlik, “Toshshahartransxizmat” va hukumatning tegishli mutaxassislari mamlakat jamoat transporti tizimi, elektrobuslar parki va infratuzilmasi bilan tanishdi.

“Yashil” transport tizimlarini samarali joriy etishda qo‘llanilayotgan moliyalashtirish mexanizmlarini o‘rgandi. Mutaxassislar Madrid va Varselona shaharlarida sohani tartibga soluvchi davlat tashkilotlari va yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxonalarga tashrif buyurdi.

Shahar darajasida jamoat transporti sohasini tartibga solish va boshqarish masalalari, korxonalarning elektrobuslar parkini joriy etish va ekspluatatsiya qilishdagi tajribasi va rejalari o‘rganildi. Avtobus saroylari va shaharlarda yaratilgan elektrobusni quvvatlash infratuzilmasi bilan tanishildi.

O‘zbekiston shaharlarida jamoat transporti sohasini isloh qilish, “yashil” transport yo‘laklarini va elektrobus parkini joriy etishda o‘zaro bilim va tajriba almashinuvi bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishildi.

Ispaniyaning “Tusgsal” xususiy tashuvchi tashkiloti O‘zbekiston shaharlarida avtobusda yo‘lovchi tashish xizmatlarini ko‘rsatishga qiziqish bildirdi.

Avvalroq Toshkentdagi chorraha va ko‘chalarni ta’mirlash ishlari boshlandi. Joriy yilning sentabrigacha poytaxtning 32ta chorraha va 17ta ko‘chasida mazkur jarayonlar amalga oshiriladi.