Amerikaning “Legacy Entertainment” kompaniyasi O‘zbekistonda mavzuli park qurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Way II” investitsion boshqaruv kompaniyasi matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.

Markaziy Osiyoda eng yirigi bo‘lishi kutilayotgan park “The Grand Serai” nomi ostida quriladi. Loyihalashtirish va qurishga yo‘naltiriladigan investitsiyalar hajmi — $200 mlndan ortiq.

Majmua maydoni 28 gektarni tashkil qilib, shundan 20 gektarini akvapark egallaydi. Unda xalqaro toifadagi obyektlar — mavsum tanlamas akvapark, attraksionlar parki, mehmonxona, savdo galereyasi, restoranlar va fudkortlar hamda rekreatsion plyaj hududi bo‘ladi.

Jumladan, “12 Star” mehmonxonasi, “The Silk Road” savdo do‘konlari, “Azure” akvaparki kabilar qurilishi rejalashtirilmoqda. Park arxitektura konsepsiyasi O‘zbekiston tarixi va an’analariga asoslanadi.

Loyihani amalga oshirish bilan “Akfa Group” kompaniyalar guruhining “Way II” investitsion boshqaruv kompaniyasi shug‘ullanmoqda.

Amerika kompaniyasi 20dan ortiq turli attraksionlarni ishlab chiqdi. Akvapark uchun shou yaratish “Dyu Soley” sirki mutaxassislari tomonidan amalga oshirilmoqda.

Park uchun joylashuv hali aniqlanmagan bo‘lib, “Way II” matbuot xizmatining aniqlik kiritishicha, loyiha uchun maydon Toshkent shahriga yaqin hududlardan qidirilmoqda.

Legacy Entertainmentkompaniyasi “Universal Studios”, “Lotte World” (Janubiy Koreya) parklari va Xitoydagi “Chimelong” usti yopiq parkini loyihalashtirgan.

2023-yilning avgustida kompaniya Yangi Toshkentda akvapark va mehmonxona qurish loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha bo‘lajak shahar direksiyasi bilan shartnoma imzolagandi.