24-may kuni “E-auksion"da bo‘lib o‘tgan savdoda “Xalq banki” bosh ofisi joylashgan binolar majmuasi bo‘yicha savdolar yakunlandi.

Auksion 15 daqiqa davom etib, yagona taklif “Oazis Samarqand” tomonidan amalga oshirildi. Kompaniya lot uchun 119,71 mlrd so‘m yoki boshlang‘ich narxdan 5% yuqori narx taklif qildi.

Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reestri ma’lumotlariga ko‘ra, “Oazis Samarqand” 2013-yilda tashkil etilgan bo‘lib, restoran biznesi bilan shug‘ullanadi. Yagona ta’sischisi Amir Dalerov hisoblanadi.

auksion, xalq banki

Ma’muriy binolar va yordamchi binolar Toshkent shahrining Chilonzor tumanida, Qatortol ko‘chasida, shu nomdagi savdo majmuasi yonida joylashgan. Lot aksiyador qarori bilan joriy yil boshida auksionga chiqarilgandi.

Shuningdek, 0,5 gektar maydonda joylashgan majmua olti, besh va ikki qavatli uchta ofis binosini o‘z ichiga oladi. Binolarning umumiy maydoni 9242 kv.metrni tashkil qiladi. Shundan foydali maydoni — 7049 kv.metr.

Elektr energiyasi, suv va kanalizatsiya mavjud, lekin gaz yo‘q. Bino bilan birga umumiy quvvati 50 kVt bo‘lgan tomga o‘rnatilgan quyosh fotoelektr panellari ham sotiladi.

2023-yilning dekabrida “Mikrokreditbank” Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi bosh ofis binosi sotilishini e’lon qilgandi. To‘rt qavatli bino 115,3 mlrd so‘mga baholangan.