O‘zbekistondagi 2ta oliy ta’lim muassasasi “QS World University Rankings” reytingida Top-1000talikka kiritildi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

5-iyun kuni Buyuk Britaniyaning “QS Quacquarelli Symonds” xalqaro reyting agentligi dunyodagi eng yaxshi universitetlar reytingi — “QS World University Rankings-2025” natijalarini e’lon qildi.

Undan birinchi marta O‘zbekistonning ikki oliy ta’lim muassasasi — “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti 547-o‘rin hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti 781−790-o‘rinni egalladi.

Xususan, “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti “Akademik nufuz” ko‘rsatkichi bo‘yicha dunyoning eng yaxshi 300ta OTMlari qatoriga va Markaziy Osiyodagi eng yaxshi universitetlar uchligiga kirdi.

O‘zbekiston milliy universiteti “Chet ellik o‘qituvchilar ulushi” ko‘rsatkichi bo‘yicha dunyoning 200ta eng yaxshi universitetlari qatorida bo‘lib, Markaziy Osiyo OTMlari orasida ikkinchi o‘rinni qayd etdi.

Reytingning kuchli uchligini AQSHning Massachusets texnologiya instituti (MIT), Buyuk Britaniyaning London Imperial kolleji hamda Oksford universitetlari egalladi.

2023-yili “QS Asia University Rankings” reytingining Top-1000taligiga O‘zbekistondagi 14ta OTM kirgandi. Shundan 6tasi birinchi marotaba top-1000talikdan o‘rin olgan.