Toshkentda 9-sentabr kuni O‘zbekiston va Vetnam sayyohlik kompaniyalarining biznes-forumi bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati.

Tadbir boshqarma tomonidan “Prestige Travel” turoperatori bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Unda sayyohlik kompaniyalari, mehmonxona brendlari va investorlar vakillari ikki tomonlama sayyohlar oqimini oshirish va hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Forumda Toshkentdan Fukuok oroliga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar tiklanishi e’lon qilindi. “Uzbekistan Airways” milliy aviakompaniyasi joriy mavsumdagi ilk parvozini 27-oktabr kuni amalga oshiradi.

Parvozlar haftasiga ikki marta amalga oshiriladi. Ularning qayta ishga tushirilishi Vetnamdan O‘zbekistonga sayyohlar oqimining ko‘payishiga, shuningdek, uchinchi davlat fuqarolarining Fukuokga tranzit o‘tishiga xizmat qilishi kutilmoqda.

Forumda xabar qilinganidek, 2023-yilda O‘zbekistonga 2 mingga yaqin vetnamlik sayyoh tashrif buyurgan. Joriy yilda esa bu ko‘rsatkich bir necha karra ortishi kutilmoqda.

“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi 2022-yil noyabr oyida Fukuokga ilk to‘g‘ridan-to‘g‘ri reysni amalga oshirgandi. O‘sha mavsumda milliy aviakompaniya orolga 18ta charter reyslarini amalga oshirdi.


Avvalroq “Spot” “Uzbekistan Airways” Toshkent-Nyachang yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yishi haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, poytaxtdan Vyetnamning kurort shahriga parvozlar haftasiga ikki marta amalga oshiriladi.