“Uzbekistan Airways” Toshkentdan Vyetnamning Nyachang shahriga parvozlarni yo‘lga qo‘ymoqda, deya xabar berdi milliy aviakompaniya matbuot xizmati.

Toshkent va Vyetnamning eng yirik kurort shaharlaridan biri o‘rtasidagi reyslar haftasiga ikki marta — seshanba va shanba kunlari amalga oshiriladi.

Ortga qaytuvchi aviaqatnovlar esa keyingi kunda amalga oshiriladi.

Jadval (har bir aeroport uchun mahalliy vaqt):

  • Toshkentdan jo‘nab ketish soat 23:50 — Nyachangga yetib borish ertasi kuni soat 9:25;
  • Nyachangdan jo‘nab ketish soat 10:55 — Toshkentga yetib borish soat 16:25.

Bir tomonlama chipta narxi 5 mln 40 ming so‘mdan, Toshkent-Nyachang-Toshkent yo‘nalishida esa 9 mln 9 ming so‘mdan boshlanadi. Narxlar 23-may holatiga ko‘ra amal qiladi.

Shaharlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari 2023-yil may oyida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Vyetnam sayyohlik sanoati anjumanida muhokama qilingandi. Keyin iyun oyida muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yish rejalari e’lon qilindi.

O‘tgan yil oxiridan boshlab Vyetnamning “VietJet Air” loukoster aviakompaniyasi Xoshimindan Toshkentga, so‘ngra Kamrandan Toshkentga charter reyslarini amalga oshira boshladi.

Qishdagi tanaffusdan so‘ng kompaniya may oyida Xoshimindan Toshkentga parvozlarni qayta yo‘lga qo‘yish rejasini e’lon qildi.


Avvalroq “Spot” “Uzbekistan Airways” Toshkentdan Nijnevartovskka parvozlarni yo‘lga qo‘yayotgani haqida yozgandi.

Aviaqatnov 14-iyundan boshlanib, haftada bir marotaba — juma kunlari amalga oshiriladi.