Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan aksiyadorlik jamiyatlari xodimlarining aksiyalarga egalik qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom ishlab chiqildi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 8-oktabr kuni Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan hujjat kompaniyalarda xodimlar aksiyalariga egalik qilish rejasini (ESOP) amalga oshirishga qaratilgan. Uni ishlab chiqishda AQSh, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Rossiya va Qozog‘iston kabi mamlakatlar tajribalariga asoslangan.
Nizomda aksiyadorlik jamiyatlari aksiyalarining xodimlari tomonidan sotib olinishi yoki muayyan aksiyalar paketini opsion shartlariga ko‘ra o‘tkazishning asosiy shartlari belgilanadi. Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi xodimlarning ulushga egalik qilish rejasini tasdiqlaydi.
Xususan, davlat ulushi 50% va undan yuqori bo‘lgan AJlar xodimlari uchun egalik qilish rejasini ishlab chiqishlari va qabul qilishlari shart.
Nizom xodimlarning aksiyalarini egalik qilish uchun ikkilamchi bozorda sotib olingan aksiyalarni taklif qilishni nazarda tutadi. Shu bilan birga, ular aksiyalarni opsion bitimi asosida sotib olish, mukofot shartlari asosida taklif qilishlari mumkin.
Belgilangan qoidalar xodim-aksiyador o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilashi, ish unumdorligi va rentabelligini oshirishi kutilmoqda. O‘z navbatida aksiyadorlik jamiyati ham rivojlanishga muhim hissa qo‘shgan xodim bilan uzoq muddatli mehnat munosabatlaridan manfaatdor bo‘ladi.
Avvalroq ILMA yashil korporativ obligatsiyalar chiqariluvini ro‘yxatga olgani haqida xabar berilgandi. O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi tomonidan binolarni modernizatsiya qilishga 50 mlrd so‘m yo‘naltirilmoqda.