Toshkent shahrida uy-joy ijara narxlarining oshishi davom etmoqda. Bu haqda Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) tahlilida keltirilgan.
Joriy yilning sentabr oyida poytaxtda o‘rtacha ta’mirlangan xonadonlar uchun o‘rtacha ijara narxlari avgust oyiga nisbatan 2,8%ga, to‘liq ta’mirlangan xonadonlar uchun esa 1,4%ga oshdi.
O‘rtacha ta’mirlangan uylar ijarasiga bo‘lgan talab narxlarga ta’sir ko‘rsatdi. Xususan, bu toifadagi 1 xonali uylar uchun o‘rtacha ijara narxi 2,4%ga, 2 xonali uylar uchun — 3,4%, 3 xonali uylar uchun — 3,2%, 4 xonali uylar uchun esa 2,1%ga oshdi.
Sergeli hamda Olmazor tumanlari o‘rtacha ta’mirdagi xonadonlar uchun nisbatan arzon narxlar taklifi bo‘yicha o‘z o‘rinlarini saqlab qolmoqda. Mazkur tumanlarda o‘tgan oyda narxlar quyidagicha bo‘ldi:
- Sergeli: 1 xonali — $291, 2 xonali — $363, 3 xonali — $403, 4 xonali — $463;
- Olmazor: 1 xonali — $306, 2 xonali — $362, 3 xonali — $426, 4 xonali — $503.
Bu toifadagi eng qimmat ijara narxlari quyidagi tumanlarda kuzatildi:
- Mirobod: 1 xonali — $358, 2 xonali — $445, 3 xonali — $548, 4 xonali — $721;
- Yakkasaroy: 1 xonali — $343, 2 xonali — $460, 3 xonali — $611, 4 xonali — $631.
O‘tgan oyda to‘liq ta’mirlangan 3 xonali uy-joylarning ijara narxi 0,9% pasaygan. Biroq, 2 xonali uylar o‘rtacha 1,1%ga, 4 xonali — 2,3% hamda 1 xonali uylar ijarasi 3,1% oshgan.
Bu toifadagi uylarning eng arzon ijara narxlari quyidagi tumanlarda qayd etildi:
- Sergeli: 1 xonali — $331, 2 xonali — $428, 3 xonali — $506, 4 xonali — $634;
- Uchtepa: 1 xonali — $393, 2 xonali — $453, 3 xonali — $538, 4 xonali — $717.
Eng qimmati esa quyidagi tumanlarda kuzatildi:
- Mirobod: 1 xonali — $474, 2 xonali — $678, 3 xonali — $967, 4 xonali — $1 278;
- Shayxontohur: 1 xonali — $442, 2 xonali — $708, 3 xonali — $1 004, 4 xonali — $1 272.
Avgust oyida poytaxtda uy-joy ijarasi narxi bir nechta omillar, jumladan, sentabrdan OTMlarida yangi o‘quv yilining boshlanishi fonida oshgandi.