Sankt-Peterburg parlamenti migrantlar uchun mehnat patenti qiymatini hisoblash koeffitsiyentni oshirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi. Bu haqda “Kommersant” nashri xabar berdi.

Shahar hokimining Zaksobraniyadagi vakili Konstantin Suxenko tashabbus haqida batafsil ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, Ozarbayjon, O‘zbekiston, Tojikiston, Moldova fuqarolari olishi shart bo‘lgan ishchi patenti narxi 30%ga oshib, 6 ming rublgacha yetishi mumkin. Hozirda xizmatni rasmiylashtirish uchun 1,597 koeffitsiyent bilan 4,6 ming rubl to‘lash kerak.

Migrantlar uchun mehnat patentining narxi uchta parametrni hisobga olgan holda hisoblab chiqiladi: belgilangan avans to‘lovi miqdori (1200 rubl), Iqtisodiy rivojlanish vazirligi tomonidan belgilanadigan deflyator koeffitsienti (2,4) va mintaqaviy koeffitsient.

“Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vazirligining 2025-yil uchun deflyator koeffitsiyentni 2,594 miqdorida belgilash rejalashtirilgan buyrug‘i loyihasi hozircha qabul qilinmagan. Shu bois qonun loyihasida hududiy koeffitsiyentni qariyb 1,93 miqdorida belgilash taklif etilmoqda. Bu Sankt-Peterburg hududida 6 ming rubl miqdorida belgilangan avans to‘lovini ta’minlaydi,” — dedi Konstantin Suxenko.


Avvalroq “Spot” Moskvada migrantlar uchun patent narxi oshirilishi haqida yozgandi.

Hozirda hududda chet el fuqarolari uchun patent narxi 7,5 ming rublni tashkil qiladi. Kelasi yil patent narxi 8,9 ming rublga oshishi mumkin.