“UzAuto Motors” “Cobalt” avtomobillari bo‘yicha shartnomani yakunladi, deya xabar berdi kompaniya matbuot xizmati.

Shartnoma berish jarayoni 22-noyabr kuni soat 10:00da boshlandi. 10 soat davomida jami 55 494ta shartnoma tuzilgan.

Shundan 55 322tasi One ID tizimida ro‘yxatdan o‘tgan jismoniy shaxslarga, 172 tasi esa yuridik shaxslar ulushiga to‘g‘ri keladi.

Bunda jami 27 201 dona “Chevrolet Cobalt GX-STYLE AT PLUS” va 28 293 dona “Cobalt GX-MIDNIGHT AT” avtomobili sotildi.

Onlayn kontraktatsiya jarayonida “UzAutoSavdo” tizimida 22,8 ming kiberhujum amalga oshirildi. Platforma faoliyatida uzilishlar kuzatilmadi.

Umuman olganda, tizimda ushbu vaqt oralig‘ida 520 mingdan ortiq faol seanslar va soniyasida 3 mingdan ortiq ulanishlar qayd etildi. Ma’lumotlarni uzatish tezligi sekundiga 6000 Mbit dan oshdi.

Kontraktatsiya jarayoni davrida kompaniya Call-markazi orqali 1 872 mijoz murojaati qabul qilinib, ko‘rib chiqildi.

Oktabr oyida “UzAuto Motors” “Chevrolet Cobalt” avtomobilini yangi “Midnight” modifikatsiyasida ishlab chiqarilishini ma’lum qilgandi. Undan keyin Asakadagi zavodda yangi modifikatsiyadagi avtomobil ishlab chiqarila boshlandi.

Joriy yilning iyul oyida ochilgan onlayn kontraktatsiya jarayonida “Chevrolet Cobalt” xaridi uchun jami 26 700 dona shartnoma tuzilgandi.