Raqobat qo‘mitasining Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan tashqi reklama vositalaridagi qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish bo‘yicha monitoring olib borilmoqda.
O‘rganish jarayonida 4ta holatda “Davlat tili haqida"gi va “Reklama to‘g‘risida"gi qonunlar, shuningdek, hukumatning tegishli qarori talablari buzilganligi aniqlandi.
“Ipoteka-Bank” va “Aloqabank"ning Jizzax filiallari, shuningdek, “Mehr Ishonch Umid” korxonasi tomonidan Jizzax shahrida joylashgan xususiy maktab “Telegram"-kanallaridagi reklama hamda tashqi reklamasi uchun pasportini rasmiylashtirmagani ma’lum bo‘ldi.
Natijada ularga nisbatan “Reklama to‘g‘risida"gi qonunning 47-moddasiga asosan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, moliyaviy jarimalar qo‘llash haqida qaror qabul qilindi. Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va unga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Oktabr oyi boshida reklama qonunchiligini buzgani uchun “Hamkorbank” jarimaga tortildi. Bank mikroqarz bo‘yicha reklamasida uning muhim shartlarini ko‘rsatmagani ma’lum bo‘ldi.
Undan keyin qo‘mita “Davr Bank"ka nisbatan moliyaviy jarima qo‘lladi. Unga ko‘ra, bank sayti va tashqi reklama obyektlaridagi mikroqarz va kreditlarga oid reklamalarda ularning muhim ma’lumotlari ko‘rsatilmagan.
Noyabr oyida esa “Invest Finans bank"ning kredit xizmati reklama axborotida iste’molchilarni chalg‘ituvchi ma’lumot berilganligi aniqlandi.
Avvalroq markirovka talabiga javob bermaydigan “nezamerzayka” sotuvi aniqlangani haqida xabar berilgandi. O‘rganilgan 5ta ishlab chiqaruvchidan 3tasi mahsulot qadog‘ida tegishli ma’lumotlarni keltirmagan. Ularga chora ko‘rilishi belgilandi.