Markaziy bank ijtimoiy tarmoqlarda eski namunadagi $100lik banknotlarni qabul qilishda muammolar yuzaga kelayotgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.

Regulyator hozirda mamlakat hududida eski namunadagi $100 nominalidagi (2009-yilgacha emissiya qilingan) banknotlarni banklar tomonidan sotish va sotib olish bilan bog‘liq amaliyotlar muammolarsiz amalga oshirilayotganini ma’lum qildi.

“Birorta davlat hisob-kitoblarida eski namunadagi $100 nominalidagi banknotlarning qonuniy to‘lov vositasi sifatidagi maqomi o‘zgarmagan”, deyiladi xabarda.

Markaziy bank aholi va tadbirkorlarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ishonmaslikka chaqirib, faqat rasmiy manbalarga tayanishni tavsiya etdi.

Agar banklarning valyuta ayirboshlash shoxobchalari tomonidan eski namunadagi $100lik banknotlarni qabul qilishda qiyinchiliklar kuzatilsa, Markaziy bankning “Ishonch telefoni” (71 200−00−44) yoki hududiy boshqarmalarga murojaat qilish mumkin.

Regulyator bu borada vaziyatni doimiy ravishda kuzatib borishini ma’lum qiladi. Shu bilan birga, “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida"gi qonuni bialn mamlakat hududida rezidentlar va norezidentlar tomonidan chet el valyutasini sotib olish va sotish faqat mahalliy banklar orqali amalga oshirilishi qayd etilgan.