11-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida jismoniy shaxslar va kredit byurosi o‘rtasida ariza kiritish orqali kredit bitimini tuzishni taqiqlovchi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Deputatlar tomonidan “Kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risida"gi qonuniga kredit sohasidagi munosabatlarni takomillashtirishga qaratilgan loyiha muhokama qilindi. Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliyev o‘zgartirishlar fuqarolarni noqonuniy harakatkatlardan himoya qilishga, kredit byurolari faoliyatini tartibga solishga qaratilganini qayd etdi.

“Qonun loyihasi bilan aholini kreditlash, xabarsiz ularning nomiga kredit rasmiylashtirish hamda masofadan turib onlayn kredit mablag‘larini yechib olish holatlarini bartaraf etish maqsadida jismoniy shaxslar tomonidan ixtiyoriy ravishda kredit olishdan voz kechish mexanizmini joriy etish taklif qilinmoqda. Bugungi kunda fuqarolarga ularni boxabar qilmasdan kredit ajratish orqali mablag‘larini o‘zlashtirish ko‘payib bormoqda”, — dedi u.

Qonunchilikka kiritlayotgan tegishli norma bilan kredit bitimlarini tuzish taqiqlangan shaxslar reyestrini joriy etish ko‘zda tutilgan. Bu orqali fuqarolar ariza berish orqali ular bilan kredit bitimini tuzishni taqiqlash mumkin bo‘ladi.

Reyestr Markaziy bank tomonidan belgilangan tartib asosida kredit byurolari tomonidan yuritiladi. Bank va nobank kredit tashkilotlariga reyestrni tekshirmasdan mijozlar bilan bitimlar tuzish taqiqlanadi.

Agar fuqaro xabardorligisiz shartnoma tuzilgan bo‘lsa, bitim bo‘yicha kelib chiqadigan oqibatlar uchun banklar, nobank kredit tashkilotlari yoki mikromoliya tashkilotlariga javobgarlik belgilanadi.

Kredit byurolari ustav kapitalining minimal miqdorini 2 mlrd so‘m etib belgilash taklif qilinmoqda. Qoidabuzarliklar uchun esa ularga nisbatan chora va sanksiyalar qo‘llash belgilanmoqda. Buning uchun qoidabuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risida ijro etilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar yuboriladi va BHMning 5 ming baravari (1,875 mlrd so‘m) miqdorda jarima undiriladi.

Shuningdek, kredit bitimini tuzishni taqiqlash yoki ushbu taqiqni bekor qilish to‘g‘risidagi ariza Yagona portal (my.gov.uz) orqali elektron shaklda, davlat xizmatlari markazlari yoki kredit byurolari orqali yozma yoki elektron shaklda taqdim etiladi.

Kredit shartnomasini tuzishni taqiqlash yoki taqiqni bekor qilish ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi. Bundan tashqari, ushbu xizmatlar Vazirlar mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda pullik asosda ko‘rsatiladi.

“Gazeta.uz"ning yozishicha, 2023-yilda 2 790 nafar fuqaro nomiga o‘zlari bilmagan holda 19 mlrd so‘m, joriy yilning 8 oyida esa 874 nafar jismoniy shaxsga 36,6 mlrd so‘m miqdorida kredit rasmiylashtirilgan.