O‘zbekistonda elektromobillarni zaryadlash stansiyalari majburiy ravishda o‘chirilmoqda. Bu haqda bir nechta bozor ishtirokchilari “Spot"ga xabar berdi.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, elektrmobillarni zaryadlash stansiyalaridagi birinchi uzilishlar o‘tgan hafta boshida boshlangan. Bir kompaniya asosan Toshkentda joylashgan 20ga yaqin stansiya o‘chirilganini ma’lum qildi. Boshqa bir kompaniyaning ta’kidlashicha, elektr tarmog‘idan uzilgan yoqilg‘i quyish shoxobchalari “yetarli darajada ko‘p.”

Bozor ishtirokchilari o‘chirilishlar haqida ogohlantirilmagani, shuningdek, huquqiy hujjatlar taqdim etilmaganini ta’kidlashdi. Kompaniyalar bu haqida stansiyalar faoliyatini nazorat qilish vaqtidagina bilib olishgan.

Tadbirkorlar elektromobillarni zaryadlash stansiyalari ishlashidan qat’i nazar, ijara va boshqa to‘lovlarni to‘lash majburiyati saqlanib qolayotganidan shikoyat qilishdi. Shuningdek, stansiyalarning o‘chirilishi mijozlar noroziligiga olib keldi, bu esa kompaniyalar obro‘siga putur yetkazadi.

Bundan tashqari, 14-dekabr kuni Toshkent shahar Kadastr agentligi tuman bo‘limlaridan korxonalardan biriga 15 kun ichida kafe va restoranlar, biznes markazlari, shuningdek, ularga tutash hududlarda o‘rnatilgan quvvatlash stansiyalarini demontaj qilish talabi bilan xat kelib tushgan.

Energetika vazirligi matbuot kotibi Hasan Toshxo‘jayevning “Spot"ga ma’lum qilishicha, vazirlik tomonidan elektromobillarni quvvatlash stansiyalari faoliyatiga hech qanday cheklovlar kiritilmagan. “Energetika vazirligi O‘zbekistonda elektromobillarni ommalashtirish tarafdori”, — dedi u.

“Spot"ning sovuq ob-havo natijasida elektr energiyasiga talab sun’iy ravishda cheklanishi haqidagi savoliga Toshxo‘jayev elektr energiyasi taqchilligi kuzatilmayotganini, ishlab chiqarish quvvatlari mavjud talabni qoplayotganini qayd etdi.

Dekabr oyi boshida Energetika vazirligi metan “zapravka"lar faoliyatiga vaqtinchalik qisqa muddatli cheklov kiritilishini ma’lum qilgandi. Havo haroratining keskin pasayishi bilan gaz iste’moli keskin oshdi va quvurlardagi bosim pasaydi. Shundan kelib chiqib, birja savdolariga chiqariladigan benzin hajmi vatqinchalik ikki baravarga oshirildi.