Vazirlar Mahkamasi kungaboqar yetishtirishda eksport salohiyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda Adliya vazirligining huquqiy axborot kanali xabar berdi.

Unga ko‘ra, tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, barcha xo‘jalik yurituvchi subyektlarga O‘zbekiston bojxona hududidan kungaboqar urug‘larini olib chiqishga ruxsat beriladi. Qaror 20-dekabrdan boshlab barcha yetkazib berishlar uchun amal qiladi.

Qaror kungaboqarning yo‘l-yo‘l urug‘lariga (TIF TN kodi 1206 00 910 0) va oq rangli urug‘lariga (TIF TN kodi 1206 00 990 0) tatbiq etiladi.

2022-yil iyun oyida prezident ichki bozordagi narxlarni barqarorlashtirish maqsadida kungaboqar urug‘i va boshqa moyli ekinlar, shuningdek kungaboqar va boshqa o‘simlik moylarining eksportini taqiqlagan edi.

Bunda “bojxona hududida qayta ishlash” rejimida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni olib chiqishga ruxsat berilgandi.

Joriy yilning mart oyida hukumat qarori bilan ayrim o‘simlik yog‘larini eksport qilish taqiqlanishi bekor qilindi.

Bungacha Iqtisodiyot va moliya vazirligi yog‘-ekstraksiya sanoatini qo‘llab-quvvatlash uchun o‘simlik moylarini eksport qilish bo‘yicha cheklovlarni yumshatishni taklif qilgan edi.


Avvalroq “Spot” meva-sabzavot eksport qiluvchilarning transport xarajatlari qoplab berilishi haqida yozgandi.

Bunda ular havo transportida tashishda eksport qiymatining 15%igacha kompensatsiya olishi mumkin.