Farg‘onada AI-80 benzinining noqonuniy savdosi aniqlandi. Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” matbuot xizmati xabar berdi.
Inspeksiya va Ichki ishlar vazirligi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirida neft mahsulotlarini yetkazib berish va ularning sotuvga chiqarilishi bo‘yicha qonun buzilishi holatlari ma’lum bo‘ldi.
Farg‘ona viloyatida neft mahsulotlarini ulgurji sotish bilan shug‘ullanuvchi “N.O.” korxonasi AI-80 avtobenzinini noqonuniy tarzda naqd pulga sotish uchun Toshkentga olib kelgan vaqtida ushlandi.
Xususan, qonunga xilof ravishda sotishga chiqarilgan 32 ming litr avtobenzin qiymati 252,8 mln so‘mni tashkil etadi.
Mazkur korxonaning neft mahsulotini noqonuniy sotuvga chiqarilishi yuzasidan IIV tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq “Spot” yil yakunigacha O‘zbekistonda AI-80 benzinini sotish cheklanishi mumkinligi haqida yozgandi. Oldinroq bu 2028-yilga qoldirilgandi. Davlat dasturi loyihasi bilan esa “Yevro-4” standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘isidan foydalanish va sotishni 2025-yil oxirigacha cheklash taklif etilmoqda.