O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslar va tayanch harakatida muammolari bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy obyektlar va ta’lim muassasalariga borishda ijtimoiy ahamiyatga ega transport xizmati ko‘rsatiladi. Bu bo‘yicha hukumatning tegishli qarori qabul qilindi, deya xabar berdi Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmati.

Xizmat 2025-yilning 1-aprelidan Toshkent, Andijon va Samarqand shaharlarida pilot loyiha sifatida ishga tushiriladi. Undan keyin esa, yil oxirigacha barcha hududlarda bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Loyiha doirasida transport xizmatlari quyidagi ta’lim tashkilotlarida o‘quvchi ko‘rish va harakatlanish bilan bog‘liq kasalliklarga chalingan bolalarga ko‘rsatiladi:

  • ixtisoslashtirilgan maktab, maktab-internatlari va ulardagi “G‘amxo‘rlik” guruhlarida,
  • umumta’lim maktablarining inklyuziv sinflarida;
  • reabilitatsiya markaziga ega davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan bog‘cha.

Ushbu xizmatdan foydalanganlik uchun quyidagicha subsidiya beriladi:

  • har bir yo‘lovchiga — oyiga BHMning 1,2 baravari miqdorida;
  • Ijtimoiy himoya yagona reyestri yoki Kam ta’minlangan oilalar reyestriga kiritilgan oilalardagi yo‘lovchilar uchun — har bir qatnov to‘lovining 100%i;
  • boshqa oilalardagi yo‘lovchilar uchun — har bir qatnov to‘lovining 60%i.

Subsidiya shaklidagi to‘lovlar agentlikning Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Bunda xizmat tadbirkorlar tomonidan ko‘rsatilib, “Yagona milliy ijtimoiy himoya"da Transport xizmatini ko‘rsatuvchi elektron tadbirkorlar reyestri shakllantiriladi.

Buyurtmalar ularning reyestrdagi mobil ilovalari orqali qabul qilinadi. Transport xizmatining o‘z vaqtida va sifatli ko‘rsatilishi agentlik huzuridagi “Axborot texnologiyalari markazi” Call-markazi tomonidan monitoring qilinadi.

Shuningdek, yo‘lovchilarni ijtimoiy ahamiyatga ega transport xizmatidan foydalanuvchilar ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha murojaatlar Yagona portal orqali qabul qilinadi.

1-martdan DXSh asosida 3−18 yoshdagi nogironligi bo‘lgan bolalarni kunduzgi parvarish qilish xizmati joriy etila boshlandi. Xizmat tajriba tariqasida Qoraqalpog‘istonda, Andijon, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida, 1-oktabrgacha esa barcha hududlarda yo‘lga qo‘yiladi.