Turkic Game Jam 2025 xalqaro o‘yin xakatoni uchun arizalar qabuli boshlangani e’lon qilindi. Bu haqda Toshkentdagi Gyote instituti o‘yin ishlab chiqarish inkubatori ma’lum qildi.

Game Jam — jamoa tarkibidagi dasturchilar, ssenariy mualliflari va rassomlar ishtirokidagi ijodiy xakaton hisoblanadi. Uning maqsadi qisqa vaqt ichida o‘yinning ishlaydigan prototipini yaratish va real sharoitlarga yaqin vaziyatlarda loyihalar ustida jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishdir.

Turkic Game Jam’da O‘zbekiston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Turkiya va Vengriya yin yaratuvchilari ishtirok etishi mumkin. Tadbirning birinchi (mahalliy) bosqichi barcha beshta mamlakatda bir vaqtning o‘zida, 11−13 aprel kunlari o‘tkaziladi.

Toshkentda geymjem Gyote instituti binosida bo‘lib o‘tadi. Jamoalarga tadbirning ochilishida e’lon qilinadigan mavzu bo‘yicha o‘yin prototipini ishlab chiqish uchun 48 soat vaqt ajratiladi. Loyihalarni mahalliy ekspertlardan tashkil topgan hakamlar hay’ati baholaydi.

Eng yaxshi jamoalar ikkinchi bosqichga — o‘yin namoyish versiyasini yaratishga yo‘l oladi. G‘oliblar o‘z loyihalarini Bokuda bo‘lib o‘tadigan Turkic Game Jam grand finalida taqdim etib, potensial investorlarni jalb qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Geymjemga ro‘yxatdan o‘tish uchun arizani bu yerda (rus tilida) yoki bu yerda (o‘zbek tilida) topshirish mumkin. Arizalarni topshirishning oxirgi muddati 7-aprel kuni (shu kun ham kiradi).

Har bir jamoada 2 tadan 4 tagacha ishtirokchi bo‘lishi mumkin. Joylar soni cheklangan bo‘lib, tanlov tashkilotchilar tomonidan o‘tkaziladi. Har bir ishtirokchi arizada jamoa nomini ko‘rsatgan holda alohida ro‘yxatdan o‘tishi lozim.