9-aprel kuni prezident tomonidan imzolangan qonun bilan O‘zbekistonning Yevroosiyo taraqqiyot bankini ta’sis etuvchi xalqaro bitimga qo‘shilishi tasdiqlandi.
Hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan joriy yilning yanvar oyida qabul qilinib, Senat tomonidan mart oyida ma’qullangan.
2006-yilning 12-yanvarida Ostona qabul qilingan ushbu bitim maqsadi investitsiya faoliyati orqali unga qo‘shilgan ishtirokchi davlatlarning iqtisodiy o‘sishiga va ular o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga qaratilgan.
Hujjat bilan YOTB o‘z faoliyatini xalqaro shartnomalar, xalqaro huquq, umume’tirof etilgan bank faoliyati tamoyillari va me’yorlariga muvofiq amalga oshirishi belgilangan.
Bitimga ilova sifatida bank nizomini tasdiqlash nazarda tutilgan. Unda bank faoliyati, maqsad va vazifalari, funksiyalari, imtiyozlari, ustav kapitali va unga obuna bo‘lish shartlari hamda Bank boshqaruviga oid tartib-qoidalar belgilangan.
Yevroosiyo taraqqiyot banki ishtirokchi davlatlarning iqtisodiyoti va moliyaviy bozorlari holati, ularning investitsiya imkoniyatlari, pul-kredit va valyuta munosabatlari, bank va valyutani tartibga solish sohasidagi qonunchilik normalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘playdi, tizimlashtirishi va tahlil qilib boradi.
2024-yil sentabr oyida YOTB boshqaruvi raisi Nikolay Podguzov bir qator yirik davlatlar yaqin kelajakda bank aksiyadorlari safiga qo‘shilishini ma’lum qilgandi. Shuningdek, u investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov bilan bankning Toshkentdagi vakolatxonasini ochish bo‘yicha muzokara o‘tkazdi.
Yevroosiyo taraqqiyot banki moliya tashkiloti bo‘lib, unga aʼzo davlatlarning iqtisodiy o‘sishiga ko‘maklashish, ularning savdo-iqtisodiy aloqalarini kengaytirish va investitsiya faoliyati orqali Yevroosiyo makonida integratsiya jarayonlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.