Avvalroq Spot Oliy Majlis Senati lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirishga oid qonunni ma’qullagani haqida yozgan edi. Hujjat prezident tomonidan imzolangandan keyin qabul qilinadi.

Majlisda Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari Nodirjon Xolbo‘tayev yangi alifboning joriy etilishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Uning ta’kidlashicha, alifboni o‘zgartirish masalasi o‘zbek tilini raqamli dunyoda keng qo‘llash, ilm-fan va texnologiyalar tili sifatida rivojlantirish bilan bog‘liq.

“Bu juda muhim, bugungi kunning vazifasi. Lekin aynan mana shu borada to‘siq bo‘lib turgan masalalardan biri bizning alifbomiz edi. Alifbomizdagi to‘rtta harf, ayniqsa, o‘ va g‘ harflari, uning qo‘shimcha belgisi, bizning alifbomizning tanasiga kirgan bir zirabchaday, to‘g‘risini aytganda bizga xalaqit berib kelayotgandi”, — dedi Xolbo‘tayev.

Departament rahbarining aytishicha, yangi alifbo loyihasi qariyb 10 yil davomida muhokama qilingan. Bu davrda 10 dan ortiq konferensiya, anjuman va davra suhbatlari o‘tkazilgan. Hozir Senatda ma’qullangan loyiha beshinchi variant hisoblanadi.

Yangi alifboni ishlab chiqishda raqamli texnologiyalarga moslik, lotin yozuvidan faol foydalanadigan xalqlar, jumladan, qardosh va Yevropa davlatlari tajribasi hisobga olingan.

Yangi harflar klaviaturaga qanday joylashtiriladi?

Nodirjon Xolbo‘tayev alifbo qabul qilingandan keyin u klaviaturada qanday aks etishi borasida savol tug‘ilishi mumkinligini ta’kidladi.

Alifboni takomillashtirish masalasi kun tartibiga qo‘yilgach, raqamli texnologiyalar bo‘yicha mutaxassislar tomonidan turli takliflar ishlab chiqilgan. Jumladan, klaviaturadagi bo‘sh tugmalarga yangi alifbodagi to‘rt harf — Ö, Ğ, Ş va Ç ni joylashtirish taklif etilgan.

“Mutaxassislarning ma’lumotlariga ko‘ra, bu juda katta, qiyin ish emas. Juda qisqa fursat ichida bo‘sh kataklarga harflar joylashadi va biz beshta, oltita harakat bilan emas, bitta tugmani bosish orqali bizga qiyinchilik tug‘dirayotgan harflarni yozish imkoniga ega bo‘lamiz”, — dedi u.

Shuningdek, Xolbo‘tayev alifboni o‘zgartirish chora-tadbirlari hali ishlab chiqilayotgan bo‘lsa-da, ayrim xususiy IT-mutaxassislar yangi alifboga o‘tishni yengillashtiruvchi dasturlarni ishlab chiqishni boshlab yuborganini ta’kidladi. Internetda kirill yoki amaldagi lotin yozuvidagi matnlarni yangilanayotgan alifboga o‘giruvchi dasturlar paydo bo‘lgan.

alifbo, alifbo islohoti, qonunchilik, Nodirjon Xolbo‘tayev

Rasmiy ish yuritishda yagona alifbo bo‘ladi

Hukumatning Davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari ushbu qonun kuchga kirganidan keyin rasmiy ish yuritishda yagona standartni joriy etish rejalashtirilayotganini bildirdi. Jumladan, ommaviy axborot vositalari, davlat idoralari va boshqa rasmiy ish yuritish jarayonlarida tasdiqlangan yangi alifbodan foydalanish talabi qat’iy belgilanadi.

“Albatta, fuqarolar o‘zlarining erkin yozishmalarida, boshqa jarayonlarda o‘zlari o‘rgangan alifbolardan foydalanishi mumkin. Lekin rasmiy ish yuritish va rasmiy OAVda to‘liq bu jarayonga o‘tishni kun tartibiga qo‘yamiz. Buning uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz”, — dedi Xolbo‘tayev.

Yangi alifboga o‘tish uchun texnologik sharoitlarni yaratish, mutaxassislarning malakasini oshirish, tegishli qo‘llanmalar ishlab chiqish va aholiga qulay vositalarni taqdim etish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda markirovkalash qoidalarini buzgan tadbirkorlarga jarimalar yengillashtirilishi haqida yozgandi.