Britaniyaning “lyuks” avtomobillar ishlab chiqaruvchi Aston Martin kompaniyasi prezident Donald Tramp tomonidan joriy etilgan bojlar tufayli AQShga importni cheklamoqda, deb yozadi Financial Times.
Aprel oyidan boshlab AQShda mamlakatga olib kiriladigan tayyor xorijiy avtomobillar uchun 25%lik bojlar amal qilmoqda, Amerikada ishlab chiqarilmaydigan Aston Martin ham bunga duch keldi.
Aston Martin aprel oyida AQShga yetkazib berishni qisqartirdi va may oyida uni oshirmaydi. Avtomobil ishlab chiqaruvchisi o‘zining amerikalik dilerlari zaxiralariga tayanadi va ularning yordami bilan savdo urushidan omon qolishga umid qilmoqda, deya ta’kidlaydi FT.
“Biz allaqachon eng yomon ssenariyga tayyorlanib bo‘ldik. Britaniya avtomobil sanoatiga soliq yuklamalari miqdorini inobatga olgan holda, britaniyalik bozor ishtirokchilari uchun kelishuvni tezroq tuzish hukumat va sanoat uchun eng ustuvor vazifa bo‘lishi lozim va shunday bo‘lishi kerak”, — deya ta’kidladi kompaniya bosh direktori Adrian Xollmark.
Uning aytishicha, kompaniya iyun oyi o‘rtalarigacha yetadigan yetarli zaxiraga ega. O‘tgan yil oxiridan boshlab to bojlar kuchga kirgunga qadar Aston Martin o‘z avtomobillarini asosan AQShga jo‘natishga ustuvorlik bergan.
Tayyor xorijiy avtomobillar uchun amaldagi bojdan tashqari, AQShda 3-maydan boshlab import qilinadigan avtomobil ehtiyot qismlari uchun 25%lik tariflar joriy etiladi.
29-aprelda Tramp imzolagan farmonga ko‘ra, AQShdagi avtomobil ishlab chiqaruvchilariga ehtiyot qismlar uchun bojlarning 15%igacha qoplanadi, keyingi yilda esa bu miqdor 10%gacha kamaytiriladi.
Bundan tashqari, xorijiy avtomobillar va ularning ehtiyot qismlariga boshqa bojlar, jumladan po‘lat va alyuminiy uchun 25%lik yig‘imlar qo‘llanilmaydi. Trampning aytishicha, bu bojlarning ustma-ust tushishining oldini oladi.
Avvalroq Audi Tramp joriy qilgan bojlar tufayli AQShga avtomobil yetkazib berishni to‘xtatgandi.
Dilerlar endi faqat yangi tariflar kuchga kirgunga qadar mamlakatga olib kirgan mashinalarini sotishlari mumkin bo‘ladi.