Yil oxirigacha Xorazm viloyatida 40 ta mehmonxona ishga tushiriladi. Bu haqda 2-may kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda qayd etildi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Unda viloyatda gastronomik turizmni rivojlantirish uchun katta salohiyat borligi ta’kidlandi. Arda Xiva majmuasiga viloyatlardan bittadan restorator olib kelish, Xiva shahrining Mevaston va Gazchi mahallalarida bir necha restoranlardan iborat 2 ta fud-kort tashkil qilish muhimligi qayd etildi.
Mutasaddilarga xorijda o‘zbek restoranlarini tashkil qilishda ro‘yxatdan o‘tish, ruxsatnoma va faoliyatini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq xarajatlarning bir qismini qoplab berishni yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Xorazmda 40 dan ortiq hunarmandchilik yo‘nalishlari rivojlangani hamda sayyohlar mahsulot tayyorlash jarayoniga qiziqishidan kelib chiqib, Mevaston mahallasida 6 gektar yerda Hunarmandchilik markazi tashkil etiladi. Har yili hunarmand shogirdlarni tayyorlashga 1 mlrd so‘m ajratib boriladi.
Viloyatda birorta xalqaro brendli mehmonxona yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi. Yangi qurilgan mehmonxonalarni subsidiyalash davom ettirilishi belgilandi. Natijada yil yakunigacha 2,5 ming o‘rinli 40 ta mehmonxonani ishga tushirish, shundan kamida 2 tasi brend mehmonxona bo‘lishi shartligi qayd etildi.
Endi viloyatda mehmonxona va ko‘ngilochar maskanlar hududidagi basseyn qurish xarajatining bir qismi ham qoplab beriladi.
Xorazmda xitoy, arab, yapon, ispan tilini biladigan gid, ofitsiant, savdo va servis xodimlariga ham talab oshmoqda. Gid-ekskursavodlar asosan ingliz, rus va fransuz tillarida xizmat ko‘rsatadi. Ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati, xodimlarning etikasi bo‘yicha ham savollar ko‘pligi qayd etildi.
Shuning uchun Xiva turizm texnikumida yiliga 100 nafar gid, yana shuncha servis xodimini kamida 5 ta talab yuqori tilga o‘qitish zarurligi ta’kidlandi.
Avvalroq Xorazmda yangi mehmonxona qurish va jihozlashga subsidiya ajratilishi ma’lum qilingandi. Bu toifasiz mehmonxona uchun 10 mln so‘mni, 1 yulduzli uchun 15 mln so‘mni hamda 2 yulduzli uchun 20 mln so‘mni tashkil etadi.