AQSh sun’iy intellekt sohasidagi texnologik poygada orqaga surishi mumkin. Bu haqda ABI Research tahliliy agentligi hisobotida ma’lum qilindi.
Tramp bojxona to‘lovlari hozirgi ko‘rinishda — aksariyat mamlakatlar uchun 10%, Xitoy uchun esa 145% miqdorida kuchga kirsa, Amerika sun’iy intellekt sohasidagi yetakchiligini yo‘qotish xavfi ostida qoladi.
Tahlilchilar barcha server qismlarining narxi keskin oshishini bashorat qilmoqda. Sun’iy intellekt quvvatlarini oshirish uchun esa birinchi navbatda miqyos samarasi muhim — yirik infratuzilma loyihasida bitta detalning narxi ozgina o‘zgarishi ham ulkan xarajatlarga olib kelishi mumkin.
Shu bilan birga, Xitoydan tashqari boshqa davlatlar hozircha javob bojxona to‘lovlarini e’lon qilmagan va AQSh ma’muriyatining harakatlariga qarab qaror qabul qiladi.
Amerika kompaniyalari joriy yil davomida bir necha bor ta’minotchilar zanjirini qayta tuzishiga to‘g‘ri kelishi ehtimoldan xoli emas.
Tahliliy agentlik nashrida Amerika texnogigantlarining aniq yo‘qotishlari ko‘rsatilmagani bois, bu bahoga ehtiyotkorlik bilan yondashish lozim.
Biroq, ma’lumki, Apple keyingi chorakda $900 mln yo‘qotishi mumkin — Tramp tariflari tufayli kompaniyaning operatsion xarajatlari aynan shu miqdorga oshadi.
Avvalroq Spot AQSh Rossiyadan neft va gaz sotib oluvchi mamlakatlar uchun 500%lik import boji joriy qilmoqchi ekanligi haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, AQSh Senatining 100 nafar a’zosidan 72 tasi Rossiyadan neft va neft mahsulotlari, tabiiy gaz yoki uranni sotib oluvchi mamlakatlardan importga bojlar joriy etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ma’qullagan.