O‘zbekistonda yangi hosil bosh piyoz narxlari may oyining ikkinchi o‘n kunligidan pasayishni boshladi va so‘nggi bir hafta ichida pasayishda davom etdi.

Xususan, so‘nggi bir oy ichida ushbu mahsulotlarning ulgurji narxlari 40%ga pasaydi, bu ichki bozorda yangi hosil piyozi taklifining bosqichma-bosqich oshishi bilan bog‘liq hisoblanadi.

EastFruit mutaxassislarining ta’kidlashicha, joriy narxlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan uch baravar yuqori bo‘lib qolmoqda va bozor ishtirokchilarining prognozlariga ko‘ra, kamida avgust oyigacha bosh piyoz narxi o‘tgan yilgi darajadan sezilarli darajada yuqori bo‘lib qoladi.

EastFruit narxlar monitoringi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil 9-maydan 6-iyungacha yangi hosil bosh piyozning o‘rtacha ulgurji narxi bir kilogrammi uchun 5000 so‘mdan 3000 so‘m gacha ($0,39dan $0,23gacha) pasaygan.

Vesagro konsalting kompaniyasi rahbari O‘rmonali Usmonovning fikricha, kelgusi bir necha hafta ichida narxlarning o‘tgan yilgi darajaga yana sezilarli darajada pasayishini kutishning hojati yo‘q.

“Odatda may va iyun oylari O‘zbekistonda piyoz narxining pasayishi va barqarorlashuvi davri hisoblanadi. Ushbu davrda mamlakatning janubiy hududlarida kuzgi piyozning o‘rtapishar va kechpishar „avgust“ navlari (o‘tgan yilning avgust-sentabr oylarida ekilgan), shuningdek, O‘zbekistonning markaziy va shimoliy qismida ertapishar va o‘rtapishar „avgust“ navlari hosili ommaviy ravishda yig‘ib olinishi munosabati bilan ichki bozorda taklif hajmi ortib bormoqda”, — dedi Usmonov.

Mutaxassisning tushuntirishicha, joriy yilning aprel-iyun oylarida yig‘ib olinadigan piyoz ekin maydonlari o‘tgan yilga nisbatan sezilarli darajada (taxminan butun O‘zbekiston bo‘yicha 30−40%ga) qisqardi. Bu shuni anglatadiki, ichki bozorda piyoz taklifi baribir cheklangan bo‘ladi, bu esa narxlarni ushlab turadi.

Usmonovning aytishicha, O‘zbekistonda piyoz bozorida narxlarning yanada keskinroq pasayishini avgust oyida kutish mumkin.

Bu o‘tgan yilning noyabr-dekabr oylarida ekilgan piyoz hosilini ommaviy yig‘ish boshlanishi bilan bog‘liq. Sababi, 2024-yilda ushbu piyoz ekin maydonlari 2023-yildagi darajada saqlanib qolgan.


Avvalroq EastFruit O‘zbekistonda tarvuz narxi deyarli uch baravar arzonlashgani haqida xabar bergandi.

23-mayda bir kilogramm tarvuzning o‘rtacha ulgurji narxi 7000 so‘m bo‘lgan, ammo bir hafta ichida 2,8 barobar kamayib, 30-mayga kelib 2500 so‘mga pasaygan.