Rossiyada migrantlar uchun rus tilini bilish bo‘yicha og‘zaki sinov 2026-yildan boshlanishi mumkin. Bu haqida Rosobrnadzor rahbari Anzor Muzayev RIA Novosti nashriga ma’lum qildi.
Muzayevning so‘zlariga ko‘ra, tegishli o‘zgarishlarni tayyorlash uchun IT sohasi vakillari ishtirokida ishchi guruh allaqachon tuzilgan.
“Biz ishchi guruh tashkil etdik… Kelgusi yil boshidan boshlab qarorimizni komissiya muhokamasiga taqdim etamiz. Hukumat va Davlat dumasi huzurida komissiya mavjud. Agar bizning qarorimiz qo‘llab-quvvatlansa, o‘ylaymanki, chet elliklar uchun imtihonlarning og‘zaki qismini juda tez (2026-yilda — RIA Novosti izohi) joriy qilamiz”, deya ma’lum qildi Muzayev.
Idora rahbarining ta’kidlashicha, Rossiyada chet tillaridan yagona davlat imtihonini topshirishda qo‘llaniladigan og‘zaki test texnologiyasi allaqachon mavjud.
Shu bilan birga, u migrantlar uchun imtihonning og‘zaki qismini joriy etish natijalarni baholash, baholar qo‘yish va mutaxassislarni jalb qilish kabi masalalarni chuqur o‘rganishni talab qilishini alohida qayd etdi.
Muzayev ustuvor vazifa sifatida sinovdan o‘tuvchi barcha ishtirokchilar uchun jarayonni iloji boricha tezkor va samarali tashkil etishni belgilab berdi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston va Rossiya migratsiya masalalarini birgalikda hal etishga kelishib olgani haqida yozgandi.