UzAuto Motors matbuot xizmati avtomobillar o‘yini bilan bog‘liq soxta xabarlar haqida ogohlantirdi.
Qayd etilishicha, internet tarmog‘ida Chevrolet-uz-2025.MFREESITES.nеt soxta havolas yaratilib, o‘zbekistonliklarga Chevrolet avtomobilini yutib olganligi haqida UzAuto Motors nomidan xabar tarqalmoqda.
Kompaniya ushbu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini va hech qanday yutuqli o‘yinlar o‘tkazilmaganini hamda mazkur xabarlar feyk ekanini rasman ma’lum qildi.
UzAuto Motors mijozlardan ishonchli ma’lumotlarni kompaniyaning faqat rasmiy manbalaridan olishni tavsiya qildi.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Nukusda uchta avtomobil — ikkita Cobalt va Jiguli ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Avariyaga 2025-yilda ishlab chiqarilgan Cobalt avtomobilining tormoz tizimida kuzatilgan nosozlik sabab qilib ko‘rsatilgan.
UzAuto Motors bu bo‘yicha rasmiy izoh berib, ushbu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirdi. Kompaniyaga ko‘ra, hozirgacha bu modeldagi avtomobillarning tormoz tizimidagi nosozlik bo‘yicha murojaat kelib tushmagan.
Avtomobil ishlab chiqaruvchisi ishlab chiqarishning barcha bosqichlarida, shuningdek, tormoz tizimini sinovdan o‘tkazishda avtomobil ko‘p bosqichli sifat nazoratidan o‘tishini qayd etdi.
Avvalroq Spot UzAuto Motors avtomobil shartnomalarini QR-kod bilan berishi haqida yozgandi.
Shartnoma haqiqiyligini hamda unga oid barcha ma’lumotlarni QR-kod orqali olish mumkin. Tizim firibgarlikning oldini olishga qaratilgan.
