Florida shtati okrug sudi Donald Trampning The Wall Street Journal gazetasiga qarshi sha’n va qadr-qimmatni himoya qilish yuzasidan kiritgan $10 mlrdlik da’vosini rad etdi. Bu haqda DW nashri xabar berdi.

Aniqlik kiritilishicha, da’vo WSJ nashrining 2025-yil iyul oyida chiqqan maqolasiga taalluqlidir. Unda Tramp tomonidan jinsiy jinoyatlar uchun sudlangan marhum amerikalik moliyachi Jeffri Epshteynga sovg‘a qilingan otkritka haqida so‘z yuritilgan.

2025-yil sentabr oyida ushbu otkritkaning surati AQSH Vakillar palatasining Demokratik partiyadan bo‘lgan deputatlari tomonidan e’lon qilindi.

Otkritkada yalang‘och ayol tanasining sxematik silueti tasvirlangan bo‘lib, uning ustiga “Jeffri” va “Donald” o‘rtasidagi dialog yozilgan. U “Tug‘ilgan kuning bilan — har bir kuning yangi ajoyib sir bo‘lsin” degan jumla bilan yakunlanadi.

WSJ’ning ushbu otkritka haqidagi maqolasida, jumladan, Tramp uni Epshteynga yuborganini rad etayotgani va nashrni sudga berish bilan tahdid qilayotgani ta’kidlangan edi.

Jurnalistlar surishtiruv o‘tkazgan va ularda g‘arazli niyat bo‘lmagan. Sudyaning ta’kidlashicha, tuhmat faktini isbotlash uchun Donald Tramp nashr va uning jurnalistlari “g‘arazli niyatda” harakat qilganini, ya’ni bila turib yolg‘on ma’lumotni e’lon qilganini yoki haqiqatga beparvolik bilan qaraganini ko‘rsatib berishi kerak edi.

“Tramp jurnalistlar g‘arazli niyatda harakat qilganini va uning xat soxta ekani haqidagi da’vosini tekshirishdan ataylab bosh tortganini isbotlay olmadi”, — deyiladi nashrda.

“Da'vo arizasi bu mezonga yaqin ham kelmaydi. Aksincha”, — deya ta’kidladi Florida okrug sudining sudyasi Derrin Geyls o‘z qarorini asoslar ekan. Qayd etilishicha, u ushbu lavozimga AQSH sobiq prezidenti Barak Obama tomonidan tayinlangan.

Sudyaning so‘zlariga ko‘ra, maqolani tayyorlash chog‘ida jurnalistlar izoh olish uchun Trampning o‘ziga, AQSH Adliya vazirligi rasmiylariga, shuningdek, Federal qidiruv byurosiga murojaat qilgan.

“Qisqasi, shikoyat va maqolaning o‘zi javobgarlar surishtiruv o‘tkazishga harakat qilganini tasdiqlaydi”, — deya xulosa qildi Geyls.

U Tramp o‘z da’vosiga o‘zgartirishlar kiritib, uni 27-aprelgacha qayta topshirishi mumkinligini qo‘shimcha qildi. Tramp advokatlari jamoasi vakili prezident The Wall Street Journal va boshqa javobgarlarga qarshi “kuchli da’vo” bilan chiqishini ma’lum qildi.


Avvalroq Spot Tramp tuhmat uchun The New York Times gazetasini sudga bergani haqida yozgandi.

AQSh prezidenti $15 mlrdlik da’vo arizasi bilan uning nomini “jazosiz qoralab, yolg‘on ma’lumotlar tarqatib kelgan” nashr harakatlarini to‘xtatmoqchi.