Shavkat Mirziyoyev 20-aprel kuni Samarqand viloyatida mashinasozlik sanoatini rivojlantirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Hujjat Lex.uz saytida e’lon qilingan.
2030-yilgacha mashinasozlik tarmog‘ining viloyat jami sanoat ishlab chiqarishidagi ulushini 15% ga, qo‘shilgan qiymatni 40% ga yetkazish, 2 mingdan ortiq yuqori maoshli ish o‘rinlari yaratish va MDH mamlakatlariga eksportni yo‘lga qo‘yish maqsad qilingan.
Kattaqo‘rg‘on tumanida 100 gektar maydonda mashinasozlik sanoat zonasi tashkil etilmoqda. Bu yerda yiliga 10 ming dona tijorat avtotransporti ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Yangi sanoat zonasi L (mototsikllar), M2 va M3 (avtobuslar), N (yuk mashinalari) va O (tirkamalar va yarim tirkamalar) toifalaridagi transport vositalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘ladi. Unda birinchi navbatda ko‘rsatib o‘tilgan transport turlari, ularning butlovchi va ehtiyot qismlari ishlab chiqarish joylashtiriladi.
Qarorga ko‘ra, birinchi bosqichda bu yerda xorijiy hamkorlar ishtirokida $116 mlnlik beshta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Yuk mashinalari, avtobuslar va mikroavtobuslar, pikaplar va maxsus transport vositalari ishlab chiqaradigan zavod asosiy loyiha bo‘ladi.
2029-yil oxirigacha yiliga 5 mingta mashina ishlab chiqarish quvvatiga ega va qiymati $40 mln bo‘lgan avtomobil zavodining birinchi bosqichi ishga tushiriladi.
Ikkinchi bosqich 2031-yilda ishga tushirilishi kerak, u $45 mlnga tushadi va ishlab chiqarishni maqsadli 10 mingtagacha kengaytirish imkonini beradi.
Shuningdek, bu yerda $5 mlnlik tirkamalar va $7 mlnlik gidravlik tizimlar ishlab chiqaradigan korxonalar joylashadi. Bundan tashqari, zonada 50 ming dona mototransport va bolalar aravachalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish topshirildi, bunga $17 mln sarmoya kiritiladi.
Yana bir loyiha 10 gektar maydonda yuklarni qayta ishlash uchun zamonaviy transport-logistika markazi bo‘ladi. Qiymati $2 mln bo‘lgan obyekt birinchi bo‘lib — 2028-yil mart oyining oxirigacha ishga tushirilishi kerak.
Sanoat kooperatsiyasi, avtomobillar uchun ehtiyot va butlovchi qismlar ishlab chiqarish hisobiga “mahalliy tarkib"ning yillik hajmini $100 mlnga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Zonani boshqarish Samarqand viloyati sanoat zonalari direksiyasi zimmasiga yuklatiladi. Shuningdek, unga mahalliy kadrlarni tayyorlash dasturini ishlab chiqish va sanoat zonasi uchun mutaxassislarni dual o‘qitishni tashkil etish topshirildi.
Yanvar oyida Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Anadolu Isuzu bosh direktori Yusuf Tug‘rul Arikan bilan uchrashdi. Tomonlar SamAuto zavodining 75,2% davlat ulushi xususiylashtirilganidan keyingi rivojlanishini muhokama qildilar.
Uchrashuvda yangi turdagi qishloq xo‘jaligi avtotransportlari va maxsus texnikalarni ishlab chiqarish, modellar qatorini kengaytirish va hajmini oshirish rejalari ko‘rib chiqildi. ISSV ta’kidlaganidek, ishlab chiqarish ichki talabni qoplash bilan bir qatorda eksportni rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
Turkiyaning Anadolu Isuzu avtomobil guruhi 2025-yil dekabr oyida SamAuto’dagi 75,2% davlat ulushi uchun $80 mln to‘lagan edi. Investor avtomobil zavodini yanada rivojlantirish uchun $80 mln miqdorida qo‘shimcha sarmoya kiritish majburiyatini oldi.
Avvalroq Spot Surxondaryoda yengil yuk avtomobillari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani haqida yozgandi.
Loyihaning umumiy qiymati $30 mlnni tashkil etib, korxonaning yillik quvvati 5 ming dona mahsulot ishlab chiqarishga mo‘ljallangan.