Kaliforniyadagi Sabi startapi fikrlarni matnga aylantira oladigan taqiladigan qurilmani ishlab chiqmoqda, deya xabar berdi Wired nashri.

Startap matnni kompyuterga aytib yozdirmasdan, shunchaki o‘ylagan holda chop etishga maqsadda maxfiy ishlanmalar bosqichidan ochiq faoliyatga o‘tmoqda.

Kompaniya insonning ichki nutqini anglab, so‘zlarni kompyuter ekranida aks ettiradigan taqiluvchi qurilma yaratmoqda.

Bosh direktor Rahul Chhabraning aytishicha, kompaniyaning birinchi mahsuloti — miya faoliyatini o‘quvchi qalpoq yil oxirigacha sotuvga chiqariladi. Shuningdek, kompaniya qurilmaning beysbolka shaklidagi ko‘rinishini ham ishlab chiqmoqda.

Bu texnologiya “miya-kompyuter interfeysi” yoki BCI (Brain-Computer Interface) nomi bilan ma’lum bo‘lib, u miya va tashqi qurilma o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa kanalini ta’minlaydi.

Ilon Maskning Neuralink singari ko‘plab kompaniyalar harakatlanishida jiddiy nuqsonlari bor odamlar uchun jarrohlik yo‘li bilan o‘rnatiladigan BCI qurilmalarini ishlab chiqayotgan bir paytda, Sabi qurilmasi har qanday odamga kiborgga aylanish imkonini berishi mumkin.

Dastlabki bosqichda tizim taxminan daqiqasiga 30 ta so‘zni “yozish” darajasiga chiqishi kutilmoqda, biroq bu hali mukammal emas va texnologiya katta hajmdagi ma’lumotlar asosida o‘qitilmoqda.

Ushbu qurilma ayniqsa nutq qobiliyati cheklangan insonlar uchun muhim aloqa vositasiga aylanishi mumkin, biroq u bilan bog‘liq asosiy xavotirlar ham mavjud — eng avvalo, miya ma’lumotlarining maxfiyligi va ularni himoya qilish masalasi.

Umuman olganda, loyiha hali rivojlanish bosqichida bo‘lsa-da, agar muvaffaqiyatli amalga oshsa, kelajakda kompyuter va qurilmalarni boshqarish usulini tubdan o‘zgartirib, fikr orqali muloqotni real texnologiyaga aylantirishi mumkin.