Toshkent shahar Yo‘l harakatini tashkil etish markazi tomonidan avtoturargohlarni shahar boshqaruvining yagona tizimiga integratsiya qilish bo‘yicha tajriba loyihasi ishga tushirildi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati ma‘lum qildi.
Loyiha piyodalar uchun xavfsiz va qulay shahar muhitini yaratish, shuningdek, avtoturargoh maydonlaridan tartibli foydalanishni taʼminlashga qaratilgan.
Tashabbus doirasida savdo va servis obyektlari yonidagi xususiy yerusti avtoturargohlari bosqichma-bosqich yagona shahar boshqaruv tizimiga ulanmoqda.
Maʼlum qilinishicha, Yo‘l harakatini tashkil etish markazi yagona qoidalarni joriy etib, tizimli nazoratni yo‘lga qo‘yadi. Bu esa avtoturargohlarni tashkil etishdagi betartiblikni kamaytirishga xizmat qiladi.
Hozircha loyiha sinov tariqasida amalga oshirilmoqda. Keyinchalik uning samaradorligi baholanadi va jamoatchilik muhokamasi natijalari asosida ko‘lamini kengaytirish masalasi ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, loyiha joriy etilgan hududlarda yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish uchun qo‘shimcha daromad manbai shakllantirilishi rejalashtirilgan.
Markaz tahlillariga ko‘ra, shahar faolligi yuqori hududlarda avtomobillarning 20−30%i qoidabuzarlik bilan to‘xtaydi. Natijada piyodalar yo‘laklari transport vositalari va boshqa to‘siqlar bilan band bo‘lib, ularning o‘tkazuvchanligi 40−60% gacha kamayadi.
Bundan tashqari, tirband hududlarda transport oqimining 30% gacha, ayrim joylarda esa 40% gacha qismi bo‘sh joy izlash sabab yuzaga keladi.
Mustaqil hisob-kitoblarga ko‘ra, yagona raqamli tizimlar to‘xtash joyini izlash vaqtini 43% gacha, bosib o‘tiladigan masofani esa 30% ga qisqartirishi mumkin. Bunga San Fransiskodagi SFpark dasturi misol sifatida keltirilgan.
Shuningdek, Moskvada joriy etilgan o‘xshash tizim avtoturargoh qoidabuzarliklarini 64% ga kamaytirib, pullik to‘xtash joylari hududlarida o‘rtacha harakat tezligini soatiga 56 km gacha oshirishga yordam bergan.
Mart oyida Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyev poytaxt hokimligi yo‘l bo‘yi pulli avtoturargohlariga to‘lovlarni amalga oshirmaganlik uchun jarimalar joriy etish tarafdori ekanini maʼlum qilgandi.
Avvalroq Spot Toshkent yomon transport tizimi tufayli yiliga $343 mln yo‘qotayotgani haqida yozgandi.