Mart oyida O‘zbekistonda uy-joy oldi-sotdi bitimlari soni 43,6 mingtani tashkil qildi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida qayd etilgan.
Bu fevral oyiga nisbatan 47% ga ko‘p. Yillik hisobda bozorda sezilarli o‘sish kuzatilgan. Jumladan, bitimlar soni o‘tgan yilning mart oyiga nisbatan 2 baravarga oshgan.

O‘tgan oy yakunlariga ko‘ra, hududlar kesimida fevralga nisbatan barcha hududlarda uy-joy bozorida faollik oshgan.
Eng yuqori o‘sish Sirdaryo viloyatida qayd etildi — bu yerda bitimlar soni 64,6% ga oshgan. Shuningdek, Jizzax viloyatida 73,2%, Namangan viloyatida esa 63% o‘sish kuzatilgan.
Andijon, Buxoro, Samarqand, Surxondaryo viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida ham o‘sish sur’ati 40−50% atrofida bo‘lgan.
Jami bitimlarning qariyb 34%i Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan. Poytaxtda bir oy davomida savdo hajmi 44% ga oshib, 12,8 mingtaga yaqin bitim qayd etilgan.
Toshkentda uy-joy bozori
Poytaxtda uy-joy narxlari segmentlar kesimida turlicha o‘zgargan. Ikkilamchi bozorda o‘sish sekinlashgan bo‘lsa, yangi uylar bozorida narxlar sezilarli darajada oshgan.
Yillik hisobda ikkilamchi bozorda bir kvadrat metr uy-joyning o‘rtacha narxi 5% ga ko‘tarilgan. Eng yuqori ko‘rsatkich Mirobod tumanida — 7,3%, Mirzo Ulug‘bek tumanida — 7,2% va Chilonzor tumanida — 6,9% bo‘lgan.
Yangi uy-joylar bozorida esa narxlar yanada tezroq o‘sgan. O‘tgan yilning mart oyiga nisbatan bir kvadrat metrning o‘rtacha narxi 8,8% ga oshgan.
Eng yuqori ko‘rsatkich Mirzo Ulug‘bek tumanida — 15,5%, Mirobod tumanida — 14,9% va Yunusobod tumanida — 14,6% darajasida qayd etilgan.
Poytaxtda ijara narxlari
Mart oyida Toshkent shahrida uy-joy ijarasining o‘rtacha narxi har bir kvadrat metr uchun qariyb $8,9 ni tashkil etgan. Bu fevral oyiga nisbatan 2,7% ga, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan esa 10,8% ga yuqori.
Eng yuqori ijara narxlari asosan poytaxtning markaziy tumanlarida saqlanib qolmoqda. Jumladan, Mirobod, Shayxontohur, Yakkasaroy va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida bir kvadrat metr ijara narxi o‘rtacha $11 atrofida bo‘lgan.
Shu bilan birga, yillik hisobda ijara narxlarining eng katta o‘sishi Yashnobod tumanida kuzatilib, 18,9% ni tashkil etgan. Mirzo Ulug‘bek tumanida bu ko‘rsatkich 14,3%, Yakkasaroy tumanida esa 12,5% bo‘lgan.

Ikkilamchi uy-joy bozori
Mart oyi yakunlariga ko‘ra, mamlakat bo‘yicha ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar oylik hisobda 0,4% ga oshgan.
Yillik hisobda esa narxlar o‘sishi yuqoriligicha qolmoqda. O‘rtacha olganda, ikkilamchi uy-joy narxi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 10% ga ko‘tarilgan.
Eng katta o‘sish Sirdaryo viloyatida kuzatilib, narxlar 22% ga oshgan. Samarqand viloyatida bu ko‘rsatkich 18,7%, Andijon viloyatida esa 17,6% ni tashkil etgan.
