Soliqqa oid nizolar bo‘yicha ekspert kengashi yil boshidan beri o‘tgan qariyb to‘rt oy ichida biznesdan kelib tushgan oltita murojaatni ko‘rib chiqdi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ekspert tuzilmasi doirasida nizolashilgan soliqlarning umumiy miqdori 168 mlrd so‘mni tashkil etdi. Soliq organlarining 163,9 mlrd so‘mni undirish to‘g‘risidagi qarorlari tadbirkorlar foydasiga qayta ko‘rib chiqildi.

Kengash 133,5 mlrd so‘mlik soliq hisoblanishini va 30,4 mlrd so‘mlik jarimalarni bekor qilishni tavsiya qildi. 0,1 mlrd so‘mlik ish bo‘yicha materiallar qayta ko‘rib chiqish uchun yuborildi.

Shavkat Mirziyoyev 2025-yil iyul oyida SSP huzurida Soliq nizolari bo‘yicha kengash tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi. U sud tartibida yoki jinoyat ishi doirasida ko‘rib chiqiladigan nizolardan tashqari, soliq organlari qarorlaridan norozi bo‘lgan tadbirkorlarning murojaatlarini o‘rganadi.

Kengash xulosalari soliq va bojxona organlari kabi ularni qabul qiluvchi davlat idoralari tomonidan ko‘rib chiqilishi majburiydir. Shuningdek, kengash soliq sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni va ularning qo‘llanilishini tahlil qiladi, huquqni qo‘llash amaliyoti sifatini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni ishlab chiqadi.

Kengashga SSP raisi Davron Vahobov raislik qiladi. Shuningdek, tuzilma tarkibiga quyidagilar kiradi:

  • Ahadbek Haydarov — iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari;
  • Jamshid Urunov — Biznes-ombudsman o‘rinbosari;
  • Olimjon Fayzibayev — Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari;
  • Baxtiyor Ibatov — Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i;
  • Uzakbergen Jaksimuratov — Adliya vazirligi Huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish boshqarmasi boshlig‘i;
  • Farhod Olimjonov — Bojxona qo‘mitasi Strategik rejalashtirish va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish boshqarmasi boshlig‘i;
  • Diana Bayzakova — Toshkent xalqaro arbitraj markazi rahbari;
  • Bahodir Nabijonov — Soliq maslahatchilari palatasining boshqaruvi raisi;
  • Svetlana Golosova — Tri-S-Audit kompaniyasi rahbari;
  • Abdihafiz Tangriqulov — Exact Advicer kompaniyasi rahbari.
  • Sarvarbek Niyazov — Savdo-sanoat palatasi boshqarma boshlig‘i.

Kengashning birinchi yig‘ilishi 2025-yil 15-dekabrda bo‘lib o‘tgan. Unda Central Asia Chemicals kompaniyasining shikoyati ko‘rib chiqilgan edi.

Ekspert kengashiga (+998) 98 278−55−11 telefon raqami orqali murojaat qilish mumkin.

Spot, avvalroq, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlagan tadbirkorlar uchun jarimalar oshirilishi haqida yozgandi.