ACWA Power Sirdaryo viloyatida ikkinchi loyihani boshlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda 3-may kuni prezident bilan uchrashuvda Saudiya Arabistoni kompaniyasi raisi Muhammad Abunayyan ma’lum qildi.

Shavkat Mirziyoyev ACWA Power kompaniyasi raisi Muhammad Abunayyan boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda Vision Invest investitsiya kompaniyasi prezidenti va bosh direktori (ACWA aksiyadori) Omar Al Midani ham ishtirok etdi. Uтda sheriklikni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbari “yashil” energetika sohasida O‘zbekistonning asosiy hamkori bo‘lgan ACWA Power kompaniyasi faoliyatini yuqori baholadi.

O‘tgan yil dekabr oyida boshlangan yangi investitsiya tashabbuslari, jumladan, quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish loyihalari rejalarga muvofiq izchil amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Suhbat davomida tomonlar “Yangi Toshkent” xalqaro aeroportini qurish, Farg‘onada ko‘p tarmoqli tibbiyot muassasasini tashkil etish, shuningdek, IT Park’da zamonaviy ma’lumotlar markazini ishga tushirish masalalarini muhokama qildilar.

acwa power, muhammad abunayyan, o'zbekiston, shavkat mirziyoyev

Muhammad Abunayyan uchrashuvda O‘zbekistonni Yaqin Sharqdagi murakkab vaziyat tufayli tashrif buyurish qiyinlashgan “ikkinchi vatan” deb atadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir dunyoda katta o‘zgarishlar yuz bermoqda. Xususan, Eron atrofidagi mojaro tufayli mintaqa davlatlari xorijga emas, balki o‘z iqtisodiyotiga ko‘proq sarmoya kiritishi kutilmoqda. Umuman olganda, u ta’kidlaganidek, Xitoy, Yevropa va AQSH uchun ichki investitsiya siyosati ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.

“Shunga qaramay, Saudiya Arabistoni Podshohligi aloqalarni mustahkamlash va O‘zbekistonga, biz uchun aziz O‘zbekistonga investitsiyalarni yanada ko‘paytirish bo‘yicha topshiriq berdi va biz ham mamlakatingizga investitsiyalarni yanada ko‘paytirish ustida ishlayapmiz”, — dedi u.

O‘zbekistonga $5 mlrdlik yangi investitsiya rejalariga qo‘shimcha ravishda, ACWA yangi loyihalarni muhokama qilmoqda.

Xususan, kompaniya vodorod sohasida hamkorlik qilish, shuningdek, Sirdaryo viloyatida birgalikda amalga oshirilayotgan ikkinchi loyiha bo‘yicha kelishib oldi.

Shuningdek, Vision Invest Yangi Toshkent shahri qurilishida faol ishtirok etish bo‘yicha aniq loyihalar ustida ishlamoqda.

ACWA Power raisi O‘zbekiston kompaniyalarini Saudiya Arabistoniga taklif qilib, Ar-Riyod-Siti bulvarida O‘zbekistonga 5−6 ming kvadrat metr maydon ajratish rejalarini ma’lum qildi.

Shuningdek, O‘zbekiston pavilonini barpo etish hamda respublika tarixi va madaniyatini namoyish etuvchi katta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.

“Valiahd shahzoda Janobi Oliylari sizga shuni yetkazishni alohida topshirdi: dunyoda nima sodir bo‘lmasin, geosiyosiy vaziyat qanday bo‘lishidan qat’i nazar, bu O‘zbekiston bilan hamkorligimizga zarracha ta’sir qilmaydi va munosabatlarimiz dinamikasini o‘zgartirmaydi”, — deya xulosa qildi Muhammad Abunayyan.


Avvalroq Spot O‘zbekiston OTB bilan $12,5 mlrdlik yangi hamkorlik dasturini imzolagani haqida yozgandi.