AQSH prezidenti ma’muriyati Donald Tramp tashabbusi bilan ishga tushirilgan, narxi $1 mlndan boshlanuvchi “oltin viza” dasturi arizalari haqidagi ma’lumotlarni ochiqladi. Bu haqda The Washington Post xabar berdi.

Ma’lumotlariga ko‘ra, aprel oyi oxiriga kelib, “oltin viza” olish uchun jami 338 ta ariza kelib tushgan. Atigi 165 nafar ariza beruvchi $15 minglik qaytarilmas ro‘yxatdan o‘tish yig‘imini to‘lagan. Keyingi bosqich — AQSH Ichki xavfsizlik vazirligiga hujjatlarni topshirishga esa 59 kishi o‘tgan.

Dastur 2025-yilning dekabr oyida AQSH prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan ishga tushirilgan. U xorijiy investorlar uchun Amerika fuqaroligini tezlashtirilgan tartibda olish mexanizmi sifatida taqdim etilgan edi.

Biroq, The Washington Post nashrining yozishicha, immigratsiya bo‘yicha ayrim huquqshunoslar o‘z mijozlarini dasturda qatnashishdan qaytarmoqda.

Ularning fikricha, ushbu tashabbus Kongress tomonidan tasdiqlanmagani va keyingi ma’muriyat qarori bilan bekor qilinishi mumkinligi sababli huquqiy jihatdan himoyalanmagan bo‘lib qolmoqda.

Shuningdek, huquqshunoslar sud muhokamalari xavfi mavjudligi hamda AQSHdagi boshqa investitsiyaviy immigratsiya mexanizmlariga qaraganda sezilarli soliq imtiyozlari yo‘qligini ko‘rsatib o‘tishmoqda.

Nashr dastur bilan ishlashdan bosh tortgan mutaxassislar qatorida immigratsiya huquqshunosi Maykl Uaylds nomini ham keltiradi. U avvalroq Melaniya Tramp va uning ota-onasiga AQSH fuqaroligini olishda yordam bergan edi.

E’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, garchi Amerika ommaviy axborot vositalarida ushbu mavzuga katta e’tibor qaratilayotgan bo‘lsa-da, dastur hozircha yirik investorlar oqimini jalb qila olgani yo‘q.

Ayni paytda AQSH hukumati arizalarning aksariyati qaysi mamlakatlardan kelib tushgani va yakunda qancha kishi yangi maqomni qo‘lga kiritishi mumkinligini oshkor qilmagan.


Avvalroq O‘zbekistonda “oltin viza” narxi $250 mingga qimmatlashgani haqida xabar berilgandi.

Tegishli ruxsatnoma ariza beruvchining har bir oila a’zosiga $150 mingga beriladi. Hujjat 5 yil davomida amal qiladi.