Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev 2026−2029-yillarda mamlakat o‘rta ta’lim tizimiga sun’iy intellektni joriy etishni nazarda tutuvchi farmonni imzoladi. Farmon matni Oqo‘rda saytida e’lon qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-iyulgacha 2026−2029 yillarda sun’iy intellektni o‘rta ta’lim tizimiga keng joriy etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanadi.
Unda shaxsiylashtirilgan ta’lim mexanizmi, raqamli infratuzilma, pedagoglarni tayyorlash va o‘quvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilish choralari nazarda tutiladi.
Shahar va qishloq maktablari o‘rtasidagi ta’lim sifati tafovutini kamaytirish maqsadida 2026-yil 1-iyungacha Sun’iy intellektni rivojlantirish kengashi a’zosi Lee Kai-Fu tavsiyalaridan amaliyotda foydalaniladi.
Shuningdek, o‘rta ta’lim sohasida pilot loyihani amalga oshirish va uni keyinchalik kengaytirish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqiladi.
2026-yil 1-avgustgacha pilot loyiha doirasida maktablar texnik jihozlanib, ular barqaror yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlanadi.
1-sentabrgacha o‘rta ta’lim tizimida sun’iy intellektdan foydalanish standartlari, jumladan ta’lim kontentini yaratish, o‘quv natijalarini baholash va akademik halollik kafolatlari tasdiqlanadi.
O‘qituvchilarning kasbiy faoliyatiga zarar yetkazmasdan, sun’iy intellekt texnologiyalaridan qo‘shimcha samarali vosita sifatida foydalanishni ta’minlaydigan uzluksiz kasbiy rivojlanish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ham tasdiqlanadi.
Avvalroq BAAda 7-sinfgacha o‘quvchilarga sun’iy intellektdan foydalanish taqiqlangani haqida xabar berilgandi.
Ta’lim vazirligi ishlab chiqqan yo‘riqnoma mamlakatdagi barcha ta’lim muassasalariga yuborilgan va uni bajarish majburiy hisoblanadi.