Soliq qo‘mitasi tadbirkorlarning P2P-o‘tkazmalarini tekshirishni boshladi. Bunga savdo shoxobchalari egalarining tushumni shaxsiy kartalariga qabul qilib, daromadni hisobotda aks ettirmaganlik holatlari sabab bo‘ldi. Bu kabi tranzaksiyalari ko‘p bo‘lgan va kartasidagi yillik aylanmasi 500 mln so‘mdan oshadigan tadbirkorlar alohida nazoratga olinmoqda — ular izoh berish uchun chaqirtirilmoqda.

Idora 2020-yil oktabr oyidan boshlab tranzaksiyalarni tekshirishga haqli ekanini ma’lum qildi.

Ba’zi tadbirkorlar Soliq qo‘mitasidan ogohlantirish xatlarini ola boshladi. Ulardan birida 2025-yilning 11 oyi davomida jami 68 mln so‘mga yaqin 217 ta P2P-tranzaksiya qayd etilgan, biroq ular hisobotda ko‘rsatilmagan. Bu summaga 8 mln so‘mdan ortiq QQS hisoblangan.

Ikkinchi xatda esa soliqlarni qo‘shimcha hisoblashdan tashqari, tadbirkorga yashirilgan soliq bazasi summasining 20%i miqdorida jarima solinishi haqida ogohlantirilgan. Izoh va hujjatlarni taqdim etish uchun o‘n kun muhlat beriladi.

p2p, p2p-o‘tkazmalar, soliqlar, soliq qo‘mitasi, yashirin iqtisodiyot, Gulnora Ergasheva

Ogohlantirish xatlari. Tahririyat maxfiylikni saqlash maqsadida hujjatlardagi shaxsiy ma’lumotlarni yashirdi.

Ikkala xatda ham Soliq kodeksining 223-moddasi — soliq bazani yashirish (kamaytirib ko‘rsatish) ga havola qilingan. Ushbu moddaga muvofiq, biznesga yashirilgan soliq bazasi summasining 20%i miqdorida jarima solinishi va soliqlar to‘liq hajmda qo‘shimcha hisoblanishi mumkin.

Spot soliq mutaxassisi bilan bularning bari qanchalik qonuniy, shaxsiy pul o‘tkazmalari bilan tushum o‘rtasidagi chegara qayerda va xatni olib ulgurganlar nima qilishi kerakligi borasida muhokama qildi.

Tahririyat, shuningdek, Soliq qo‘mitasi matbuot xizmatiga ham so‘rov yuborgan. Maqola e’lon qilingan vaqtda javob olinmagan.


p2p, p2p-o‘tkazmalar, soliqlar, soliq qo‘mitasi, yashirin iqtisodiyot, Gulnora Ergasheva

Gulnora Ergasheva,

soliq xizmatida 25 yillik ish tajribasiga ega soliq maslahatchisi, soliqlar va buxgalteriya hisobi bo‘yicha biznes-trener.

Soliq qo‘mitasi 2020-yildan boshlab o‘tgan davrlarni tekshirishga haqlimi? Soliq kodeksining 88-moddasida da’vo muddati 3 yil etib belgilangan. Shu bois soliq organi so‘nggi 3 yillik davr uchun soliq tekshiruvlarini o‘tkazishga haqli. Demak, 2026-yilda ular 2023, 2024 va 2025-yillarni tekshirish huquqiga ega bo‘ladi.

Biroq bu yerda tushunchalarni ajratib olish muhim. P2P bo‘yicha o‘rganilayotgan barcha holatlar, umuman olganda, “soliq tekshiruvi” tushunchasiga kirmaydi, balki kengroq tushuncha — “soliq nazorati"ga taalluqlidir.

Ya’ni, bu turli tashqi manbalardan: banklardan, to‘lov tashkilotlaridan, prokuratura topshirig‘iga ko‘ra kelib tushayotgan ma’lumotlarning tahlilidir.

Shuningdek, bizda Markaziy bankning soliq jinoyatlariga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qarori mavjud. Unda banklarning ham jismoniy, ham yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladigan yirik operatsiyalar to‘g‘risida prokuratura huzuridagi departamentga xabar berish majburiyati mustahkamlangan. Chegara — BHMning 500 baravari (206 mln so‘m): 30 kun ichida bitta tranzaksiya yoki tranzaksiyalar summasi. Bunday operatsiyalar bo‘yicha banklar axborotni departamentga pul yuvish, soliq to‘lamaslik, daromadlarni legallashtirish va hokazolarni o‘rganish uchun yuborishlari shart. Bu har doim bo‘lgan — shunchaki hozir faollashdi.

Xo‘sh, unda shaxsiy pul o‘tkazmalari bilan tijorat tushumlari o‘rtasidagi chegara qayerda? Hozirda e’tirozlar firmalarga qaratilgan, ammo pul o‘tkazmalari aynan jismoniy shaxslarga amalga oshirilgan. Ya’ni, jismoniy shaxs ushbu tashkilotda ishlaydi — u yerda ta’sischi, direktor yoki oddiy xodim bo‘lishi mumkin. Vaholanki, e’tirozlar jismoniy shaxslarning o‘ziga bildirilishi kerak edi.

Biroq soliq organlari eng oson yo‘ldan borishga qaror qilib, firmalarni chaqirtirmoqda. Ular shunday deyishyapti: “Mana, xodimingiz P2P orqali 400 mln so‘m pul olibdi. Vaholanki, uning oyligi 2 mln so‘m. Bu pullar tijoriy bo‘lganini tan oling — kimdir firma hisob raqamiga emas, balki direktoringiz, xodimingiz, g‘aznachingiz yoki sotuvchingizning kartasiga pul o‘tkazgan”. Ular ko‘chirmalar, hisobotlar olib kelishni so‘rab, soliqni to‘lashni va hammasini hisobotda aks ettirishni “tavsiya qilishyapti”. Ulardan: “Tushumlarni qanday aks ettiramiz?” deb so‘rasangiz, “Boshqa daromad sifatida ko‘rsatib, soliqqa tortavering. Shunda sizga hech qanday e’tirozimiz bo‘lmaydi”, deb javob berishadi. Lekin bularning bari og‘zaki suhbatda aytiladi.

Lekin keling, soliq to‘lovchilarni ko‘r-ko‘rona himoya qilib, soliqchilarni yoppasiga yomonlamaylik. Bunday muammo bor: biznes pullarni shaxsiy kartalarga o‘tkazadi. Bunga o‘zim ham guvoh bo‘lganman, hatto yonimda to‘lov qilmoqchi bo‘lgan jismoniy bank kartam turganda ham, odamlar: “O‘zimning kartamga o‘tkazib bera olasizmi?” deb so‘rashadi. Bu holat haqiqatan ham bor.

Nima uchun biznes tushumni ko‘rsatishni istamaydi? Chunki, bir qarashda, soliqlar unchalik katta emasdek — yuridik shaxslar uchun aylanmadan olinadigan soliq 1% yoki 4% ni tashkil etadi. Ammo ko‘pchilik QQS va foyda solig‘iga o‘tishni xohlamaydi. Shu sababli biznesni maydalash holatlari kuzatilyapti va hamma 1 mlrd so‘m chegarasida qolishga harakat qilmoqda. Bu bizning biznesimiz uchun xos bir “kasallik”: ularga QQS, foyda solig‘i, ularni hisoblash tartibi va shunga yarasha javobgarlik yoqmaydi. QQSda talablar qat’iyroq: to‘lovchi guvohnomasining majburiyligi, ma’lum miqdordagi maydonni ijaraga olish, kamida 4 nafar xodimning bo‘lishi kabi. Soliqlarning o‘zi ham yuqoriroq.

Masalan, umumiy ovqatlanish sohasini olaylik — nima uchun kichik shoxobchalar QQS va foyda solig‘iga o‘tishni istamaydi? Aylanmadan 4% soliq to‘laydigan kichik umumiy ovqatlanish korxonasida xaridlarni xarajatlarda aks ettirish bilan bog‘liq muammo bor. Bundan tashqari, ularda hisobga olinadigan QQS deyarli yo‘q. Natijada umumiy ovqatlanish uchun QQS amalda 4% o‘rniga 12% ga aylanib qoladi. Xuddi shu holat xizmat ko‘rsatish — sport, konsalting va boshqa sohalarga ham tegishli: ularda ham hisobga olinadigan summalar deyarli bo‘lmagani uchun amalda butun aylanma 12% stavkada soliqqa tortiladi. Bu esa biznes uchun foydasiz.

Yana bir muammo bor — bu naqd pulsiz hisob-kitoblarning joriy etilishi. Umumiy ovqatlanish sohasi vakillari shikoyat qilmoqda: spirtli ichimliklarni endi faqat karta orqali sotish mumkin, sayyohlar va ko‘plab mijozlar esa naqd pul bilan keladi. Tushum kamaydi, lekin xarajatlar o‘z joyida turibdi. Natijada ayrimlar chek urmasdan, o‘z shaxsiy kartalaridan tranzaksiya o‘tkazishgan. Chunki xarajatlar bekor qilinmagan bo‘lsa-da, ular bu pullarni o‘ziniki deb bilishgan.

Albatta, shu bilan birga, soliqlarni yashirish holatlari ham yo‘q emas. Ko‘pchilik qonun doirasida ishlashga harakat qiladi, biroq bizda an’anaviy tarzda chakana savdo, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish sohalari, ya’ni aholi bilan naqd pulda va karta orqali ishlaydiganlar xavf guruhida qolmoqda. Shu bois soliqchilar yoki departament buni o‘zidan-o‘zi o‘ylab topyapti, deyish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Bunday amaliyot bor va u biznes uchun xosdir.

Lekin, ayni paytda, davlat qonuniy yo‘l tutishi kerak. Men shunday deb o‘ylayman: hamma odam ham firibgar emas. Ehtimol, kimdir bu o‘tkazmalarni mutlaqo boshqa sabablarga ko‘ra olgandir — qarz olgan, qarzini qaytargan.

Buning biznesga hech qanday aloqasi bo‘lmasligi mumkin. Shu sababli, katta miqdordagi pul mablag‘lari kelib tushganda va ular o‘rganilayotganda, departament jismoniy shaxslarni chaqirishi kerak — axir, bu jismoniy shaxsdan jismoniy shaxsga o‘tkazilgan pul-ku. Agar departamentga pulning qayerdan kelgani qiziq bo‘lsa, u pulni o‘tkazgan shaxsni ham, uni qabul qilib olgan shaxsni ham chaqirtirib, bu qanday holat ekanligini so‘rashi lozim.

Ha, har bir pul o‘tkazmasi shubha uyg‘otishi mumkin, biroq mamlakatning 15 mlnlik voyaga yetgan aholisi doirasida ularning har biri bilan shug‘ullanishga na departamentlarning, na prokuraturalarning kuchi yetadi. Albatta, firmaga “bosim o‘tkazib”, “Xodimingizni chaqirtiramiz, u bizga hamma gapni aytib beradi — siz soliqlarni yashiryapsiz”, deb qo‘rqitish osonroq. Bunday qo‘rqitish chorasi, ehtimol, o‘z samarasini berar.


Mavzuga oid: Soliq organlari P2P-o‘tkazmalarini nazorat qilyapti. Iqtisodchilar qanday fikrda?


Soliq to‘lovchilarga nima maslahat bera olamiz? Imkon qadar qonun doirasida ishlash: tushumni belgilangan tartibda kirim qilish, soliqlarni o‘z vaqtida to‘lash va topshirish, ularni to‘lashdan bo‘yin tovlamaslik. Pul o‘tkazmalarini qabul qilayotgan jismoniy shaxslar ham kimdan va nima uchun pul olayotganini hamda o‘tkazmalar monitoringi doirasidagi bunday chaqiruvlar ularga ham taalluqli bo‘lishi mumkinligini tushunishlari kerak.