O‘zbekistonda sanoat chiqindilarini boshqarish bo‘yicha yuqori texnologiyali klaster tashkil etiladi. Bu haqda Ekologiya qo‘mitasi xabar berdi.

Qo‘mita raisi Aziz Abduhakimov raisligida Vision Invest va SUEZ International rahbariyati bilan sanoat chiqindilarini boshqarish bo‘yicha yuqori texnologiyali klaster yaratish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha uchrashuv o‘tkazildi.

Muzokaralarda loyihani amalga oshirishning asosiy bosqichlari muhokama qilindi. Tomonlar dastlabki texnik-iqtisodiy asoslash ishlarini yakunlash hamda chiqindilarni resursga aylantirishga qaratilgan texnologik yechimlarni tanlash masalalarini muhokama qildi.

Shuningdek, sanoat chiqindilarini boshqarish bo‘yicha yuqori texnologiyali klaster qurilishi uchun maydon tayyorlash ishlari ko‘rib chiqildi. Bu borada texnik mutaxassislarni jalb qilish va amaliy ishlarga tezkor o‘tish masalalariga e‘tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, 2−4-iyun kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Eco Expo Central Asia 2026 xalqaro ko‘rgazmasi doirasida investitsiya kelishuvini imzolash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Loyihaning qurilish bosqichiga o‘tish va joriy yil iyunidan qurilish ishlarini boshlash bo‘yicha topshiriq berildi.

Aprel oyi oxirida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekistonda yana qiymati $633 mlnlik chiqindidan elektr ishlab chiqaradigan 5 ta zavod qurilishi aytilgan edi. Taqdimotda hozirda qiymati $933 mlnlik 6 ta loyiha amalga oshirilayotgani, bunda yiliga 3,6 mln tonna chiqindi qayta ishlanishi taʼkidlab o‘tilgan.

Spot, avvalroq, Turkiya kompaniyasi Samarqandda chiqindilarni saralash loyihasiga $10 mln sarmoya kiritishi haqida yozgandi.


Ma‘lumot uchun, Vision Invest — DXSH asosida loyihalarni amalga oshiruvchi Saudiyaning yetakchi investitsiya va infratuzilma kompaniyasi hisoblanadi.

SUEZ esa suv ta‘minoti, oqova suvlarni tozalash va chiqindilarni qayta ishlash sohasida jahon yetakchisi hisoblanadi. Tashkilot 160 yildan ortiq xalqaro tajribaga ega.