Qonunchilik palatasi majlisida Markaziy bank faoliyatini yana-da takomillashtirish, uning mustaqilligi va bank tizimi barqarorligini ta‘minlashga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.
Loyiha bilan Markaziy bank, uning hududiy bosh boshqarmalari va tasarrufidagi tashkilotlar faoliyatini tekshirish Senat qarori asosida yoki qonunda nazarda tutilgan hollarda amalga oshirish nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasi bilan Markaziy bankning normativ-huquqiy hujjat loyihalarini majburiy kelishish tartibini soddalashtirish taklif etilmoqda.
Shuningdek, kredit tashkilotlari uchun prudensial normativlar, korporativ boshqaruv va tavakkalchiliklarni boshqarish tizimiga oid hujjatlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonini yengillashtirish nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, qonun loyihasi bilan moliya bozorida yuzaga keladigan favqulodda vaziyatlar sharoitida tezkor huquqiy choralar ko‘rish maqsadida MBning normativ-huquqiy hujjatlarini kuchga kirishiga oid qoidalar belgilanmoqda.
Deputatlar mazkur qonun loyihasi bank tizimidagi tavakkalchiliklarni samarali boshqarishda muhim ahamiyatga egaligini ta‘kidladi.
Spot, avvalroq, Markaziy bank bank rahbarlarini qoidabuzarliklar uchun jarimaga tortishi mumkin bo‘lishi haqida yozgandi.