Tailand 93 davlatdan kelgan sayyohlar uchun vizasiz bo‘lish muddatini qisqartiradi, deya xabar berdi Reuters nashri.
Tashqi ishlar vaziri Sixasak Fuangketkeouning ma’lum qilishicha, vizasiz qolish muddati hozirgi 60 kundan 30 kungacha qisqartiriladi.
Bu choralar chet elliklar tomonidan turizmga aloqasi bo‘lmagan maqsadlarda qonuniy bo‘shliqlardan foydalanish holatlarini kamaytirish uchun joriy etilmoqda, kuchga kirish sanasi esa ochiqlanmagan.
Vazirning aytishicha, 60 kunlik muddat juda uzoq bo‘lib, ayrim shaxslar bu imtiyozdan noqonuniy maqsadlarda foydalanmoqda, shu sababli nazoratni kuchaytirish zarur.
Ushbu taklif avvalgi hukumat davrida ham tayyorlangan, biroq saylovlar sababli amalga oshirilishi kechiktirilgan.
2024-yil iyul oyidan boshlab Tailand 93 davlat, jumladan O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etgan.
Bundan tashqari, Tailand hukumati mamlakatga kirayotgan shaxslarning viza olish maqsadiga muvofiqligini tekshirish uchun boshqa turdagi vizalarni ham ko‘rib chiqadi.
Ushbu chora-tadbirlar vizalarni uzaytirishni suiiste’mol qilish va ayrim sayyohlarning noqonuniy faoliyatga aralashib qolishi bilan bog‘liq muammolarni hal etishga qaratilgan.
2026-yilning 1-yanvaridan 10-mayiga qadar Tailandga 12,4 mln nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurgan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,43% ga kamdir.
Turizm iqtisodiyotning eng muhim harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi. Xorijiy sayyohlar soni 2019-yilda eng yuqori cho‘qqiga chiqib, qariyb 40 mln kishini tashkil etgan.
Avvalroq Spot O‘zbekiston 2026-yilda 2 ta, 2030-yilgacha esa yana 14 ta davlat bilan vizasiz rejim joriy etishi haqida yozgandi.