Yer uchastkasining ijara shartnomasini yangi muddatga uzaytirish tartibi belgilandi. Bu bo‘yicha tegishli reglament hukumat qarori bilan tasdiqlandi.
Hujjat yer uchastkasining ijara shartnomasini yangi muddatga uzaytirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibini belgilaydi.
Ariza beruvchi ijara shartnomasi muddatini uzaytirish uchun Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona portal orqali murojaat qilishi mumkin.
Arizaga avval rasmiylashtirilgan yer uchastkasining ijara shartnomasi ilova qilinadi. Agar murojaatni boshqa shaxs topshirsa, yer uchastkasi ijarachisi nomidan berilgan ishonchnoma ham taqdim etilishi kerak.
Ijaraga beruvchi tegishli vakolatli organlarning maʼlumotlarini olganidan so‘ng 10 ish kuni ichida yer uchastkasidan muntazam ravishda foydalanilmayotgani to‘g‘risida maʼlumot mavjudligini tekshiradi.
Shuningdek, ariza kelishilgani yoki rad etilgani to‘g‘risidagi maʼlumotni o‘z ichiga olgan xabarnomani shakllantiradi va uni ariza beruvchiga yuboradi.
Davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun BHMning 1%i (4 120 so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi.
Yerning ijara shartnomasi tuman (shahar) hokimligi tomonidan imzolangandan so‘ng avtomatik tarzda ariza beruvchiga yuboriladi.
Spot, avvalroq, lalmi va yaylov yerlarini o‘zlashtirish bo‘yicha yangi tartib joriy etilishi haqida yozgandi.