Samarqandda tashqi reklamani tartibga solish uchun yagona dizayn-kod joriy etilishi rejalashtirilmoqda, deya xabar berdi viloyat hokimligi matbuot xizmati.

E’lon qilingan videolavhada ekspertlar “ko‘pchilikning fikricha, shaharning estetik qiyofasini yomonlashtiradigan reklama konstruksiyalarining tartibsiz joylashuvi"dan xavotirda ekani qayd etilgan.

Ta’kidlanishicha, bu muammo, ayniqsa, tarixiy markaz va turistik hududlarda keskin bo‘lib, “bu yerda ommaviy va nazoratsiz reklama me’moriy uyg‘unlikni buzadi.” Bundan yagona dizayn-kodni joriy etish zarurligi haqida xulosa chiqariladi.

O‘tgan hafta Samarqand viloyati hokimligida me’moriy uyg‘unlikni ta’minlash va tashqi reklamalarni joylashtirishni tartibga solishga qaratilgan yangi dizayn-kod konsepsiyasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Viloyat hokimi Adiz Boboyev barcha tafsilotlarni hisobga olishga chaqirdi: binoning fasadi qanday bo‘lishi kerak, yozuvlar va reklama konstruksiyalari, fasadlardagi peshlavhalar, jumladan, korxonalar va brendlarning nomlari, ularning o‘lchami, rangi va aniq joylashuvi qanday bo‘lishi kerak.

“Biz buni qaror bilan tasdiqlaymiz, Kengashga [xalq deputatlari] kiritamiz, lekin hammasini birdaniga qilish qiyin bo‘ladi. Bir ko‘chadan boshlaymiz, keyin boshqasi, uchinchisi — shunday, asta-sekin, qadam-baqadam, hammasini tartibga keltiramiz”, — dedi u.

Bundan tashqari, amaldor ba’zi ko‘chalarda buzilgan holatdagi yo‘laklarni obodonlashtirish, shuningdek, yoritish tizimini tartibga keltirishni taklif qildi.

Uning ta’kidlashicha, ba’zi joylarda yoritish umuman yo‘q, ba’zi joylarda esa juda ko‘p, shuning uchun bir xil yondashuvni ta’minlash kerak. “Bosqichma-bosqich, ko‘chama-ko‘cha qilamiz,” — deya qo‘shimcha qildi Boboyev.

Tashqi reklamalarning joriy joylashuvi. Foto: videolavhadan skrinshotlar

Samarqand viloyati hokimligi huzuridagi tashqi reklamani muvofiqlashtirish bo‘linmasi boshlig‘i Jasur Ne’matovning aytishicha, yig‘ilishda tashqi reklamani tartibga solish, jumladan, “tartibsiz joylashtirilgan reklama konstruksiyalari Samarqand qiyofasiga putur yetkazayotgani” muhokama qilingan.

“Bundan tashqari, shahrimizning turizm salohiyati yuqoriligini inobatga olib, reklamalarni eski shaharda unga mos uslubda, zamonaviy shaharda esa o‘ziga mos uslubda joylashtirish masalasi muhokama qilindi”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, dizayn-kodni ishlab chiqish uchun “barcha tegishli tashkilotlar” jalb qilinadi va zarur ishlar amalga oshiriladi.

Viloyat hokimligining qo‘shimcha qilishicha, loyiha reklama obyektlari, ko‘cha yoritgichlari va shahar muhitining boshqa elementlarini bezash va joylashtirish uchun qat’iy standartlarni joriy etishni nazarda tutadi.

Dizayn-kod doirasida barcha bozor ishtirokchilari uchun yagona qoidalar, jumladan, bannerlarning ruxsat etilgan maksimal o‘lchamlari, shriftlar uchun qoidalar va konstruksiyalarning xavfsizligiga qo‘yiladigan texnik talablar tasdiqlanadi.

Dizayn-kod taqdimoti. Foto: videolavhadan skrinshotlar

Taqdimotdan ma’lum bo‘lishicha, dizayn-kod konsepsiyasi Samarqandda joylashgan MAG Projecting arxitektura-dizayn studiyasi tomonidan ishlab chiqilgan.

Toshkent dizayn-kodi

28-yanvar kuni xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining navbatdagi sessiyasida poytaxt dizayn-kodi qoidalarini amaliyotga joriy etish masalasi ko‘rib chiqildi. 17-fevral kuni mahalliy Kengash Toshkent shahar hokimligining Toshkent Invest Kompaniyasi buyurtmasiga binoan CM International tomonidan ishlab chiqilgan dizayn-kodni joriy etish to‘g‘risidagi taklifini ma‘qulladi.

Qaror ilovalarida quyidagilar tasdiqlangan:

  • jamoat joylarining turlari va chegaralari, shuningdek, ularni rejalashtirish bo‘yicha tavsiyalar;
  • Toshkent shahar dizayni elementlarini joylashtirish qoidalari, tijorat obyektlarini rasmiylashtirish tartibi, shaharning vizual o‘ziga xosligini shakllantirish, tutash hududlardan foydalanish, konstruksiyalar va axborot vositalarini (reklama, peshlavhalar, yozuvlar) joylashtirish, shuningdek, shahar dizayni elementlari kataloglari;
  • Toshkent shahrining sayyohlik va gastronomik ko‘chalari ro‘yxati;
  • jamoat joylarida obodonlashtirish va sanitariya tozalov ishlarini o‘tkazish uchun ekspluatatsiya yig‘imi miqdori;
  • Tutash hududlardan samarali foydalanish va dizayn-kod loyihalarini ko‘rib chiqish masalalari bo‘yicha Toshkent shahar komissiyasining tarkibi.

Avvalroq Spot Toshkentda tadbirkorlarning reklama shtenderlari demontaj qilinib, olib ketilgani haqida yozgandi.