5-iyundan O‘zbekistondagi oliy va professional ta‘lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish boshlandi. Bu haqda Oliy ta‘lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.

Prezidentning tegishli farmoni (PF-81-son) bilan, oliygohlar bakalavriatiga qabul jarayoni ikki bosqichda — “avval test, so‘ng tanlov” tamoyili asosida tashkil etiladi.

Birinchi bosqichda abituriyentlar 5−25-iyun kunlari my.uzbmb.uz sayti orqali ro‘yxatdan o‘tib, test topshirish uchun fanlar majmuasi, ta‘lim tili va hududni tanlaydi.

Alohida iqtidor talab etiladigan yo‘nalishlar uchun esa kasbiy yoki ijodiy imtihon topshiriladigan OTM ham ko‘rsatiladi.

Kirish imtihonlari iyul-avgust oylarida o‘tkaziladi. Test natijalari imtihondan keyingi kun e‘lon qilinadi.

Ikkinchi bosqichda esa abituriyentlar imtihonlar to‘liq yakunlangach, 15 kun davomida oliy ta‘lim muassasasi, ta‘lim yo‘nalishi, ta‘lim shakli va tanlov ustuvorligini tanlaydi.

Talabalikka tavsiya etilganlar ro‘yxati ushbu bosqich yakunlanganidan keyin bir hafta ichida e‘lon qilinadi.

Texnikumlarda o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar oliygohlarga qabul natijalari e‘lon qilingach, 10 kun ichida texnikum, mutaxassislik va ta‘lim shaklini tanlaydi. Yakuniy natijalar bir hafta muddatda ma‘lum qilinadi.

Qabul jarayonida fuqarolarga maslahat berish uchun Oliy ta‘lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda barcha OTMlarda Qabul-2026 shtablari tashkil etilgan.

Shuningdek, murojaatlar uchun 1006 va 1195 qisqa raqamlari hamda @EduuzUniversalBot ishga tushirilgan.

Spot, avvalroq, Samarqanddagi bir nechta oliygoh va filiallar qayta tashkil etilishi haqida yozgandi.