Maftuna Masharipova 2001-yilda Xorazm viloyatining Xonqa tumanida tug‘ilgan. U boshlang‘ich ta’limni Xonqa tumanidagi ingliz tiliga ixtisoslashtirilgan 7-sonli maktab-internatda olgan.
2023-yilda Toshkent shahridagi xalqaro Amity universitetining iqtisodiyot fakultetini muvaffaqiyatli tamomlagan. Shundan so‘ng ikki yil davomida Huawei kompaniyasining Toshkentdagi ofisida dasturiy ta’minot muhandisi yordamchisi lavozimida faoliyat yuritgan.
Hozirda Italiyaning Milan-Bikokka universitetida magistratura bosqichining barqaror rivojlanish iqtisodiyoti va texnologiyalari yo‘nalishining 1-kursida tahsil olmoqda.
Nima sabab Italiya?
Magistraturani xorijda o‘qish bakalavr davridan beri eng katta maqsadlarimdan biri bo‘lgan. To‘rtinchi kursda o‘qib yurgan paytlarimdayoq bir nechta universitetlarga hujjat topshirib, qabul qilinganman, ammo o‘sha paytda ota-onam xorijga jo‘natishga biroz ikkilanishgan.
Bakalavrni tugatgach, ishlardim. Ishim barqaror va aniq yo‘nalishga ega bo‘lsa-da, xorijda magistratura tahsilini olish va yangi bilimlarni egallash istagi doimiy maqsadlarimdan biri bo‘lib qoldi.
Natijada Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Avstriya va Italiyadagi bir qator universitetlardan qabul xatlari oldim. Ayrimlari kontrakt asosida, ba’zilari esa grant yoki yarim grant bilan o‘qish imkoniyatini taklif qildi. Masalan, Avstriyadagi Markaziy Yevropa universiteti tomonidan $8000 lik grant taklif qilingan, ammo umumiy kontrakt summasi $1,2 ming edi.
Italiyani tanlashimning asosiy sababi o‘zim qiziqqan ta’lim yo‘nalishi bo‘ldi. Ushbu yo‘nalish iqtisodiyot, texnologiya va ekologik barqarorlikni o‘zaro bog‘lab o‘rganadi hamda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan chambarchas bog‘liq. Bugungi kunda u dunyodagi eng dolzarb va tez rivojlanayotgan sohalardan biri hisoblanadi.


Foto: Maftuna Masharipovaning shaxsiy arxividan
O‘zbekistonda esa bu yo‘nalish hali keng rivojlanmagan. Hatto ko‘pchilik ushbu tushunchaning mazmun-mohiyatini ham to‘liq anglab yetmagan. Shu sababli men aynan shu sohada chuqur bilim va tajriba orttirish maqsadida Italiyani tanladim. Chunki, bu davlatda mazkur yo‘nalish bo‘yicha kuchli akademik baza, zamonaviy yondashuvlar va keng ta’lim hamda tadqiqot imkoniyatlari mavjud.
Italiyani tanlashimdagi ikkinchi muhim omil grant masalasi bo‘ldi. Talabalik davridan buyon o‘zim ishlab, o‘zim o‘qishga intilganman va oilamga ortiqcha yuk bo‘lishni istamaganman. Shu bois to‘liq grant yutish men uchun juda muhim edi. Universitet grantini qo‘lga kiritganim esa deyarli to‘liq moliyalashtirilgan ta’lim olish imkoniyatini berdi.
Bundan tashqari, Milan shahri ham meni qiziqtirgan. U dunyoning moda markazlaridan biri bo‘lib, o‘ziga xos muhitga ega. Yevropada yashash esa boshqa mamlakatlarga sayohat qilish, yangi madaniyatlar bilan tanishish va dunyoqarashni kengaytirish imkonini beradi.
Bicocca International Scholarship: kamdan-kam odam biladigan ichki grant
Italiyada stipendiyalar asosan ikki turga bo‘linadi. Birinchisi mintaqaviy stipendiya bo‘lib, kontrakt, yotoqxona va ayrim yashash xarajatlarini qoplaydi. Biroq uni olish uchun ko‘plab moliyaviy hujjatlar talab etilib, natijalar ko‘pincha o‘qish boshlanganidan keyin e’lon qilinadi.
Ikkinchi tur esa universitetlarning ichki grant dasturlari bo‘lib, ular son jihatidan cheklangan va yuqori raqobatga ega. Mening stipendiyam ham shu turga mansub University of Milano-Bicocca International Scholarship Program. Bu grant uchun alohida ariza topshirilmaydi: nomzodlar universitetga topshirilgan hujjatlar asosida avtomatik saralanadi. Bunda hujjatlarni erta topshirish, yuqori akademik natijalar va kuchli CV muhim ahamiyatga ega.
Yo‘nalishimga butun dunyo bo‘yicha atigi 3 ta stipendiya ajratilgan bo‘lib, men ushbu grant sohiblaridan biri bo‘ldim. Stipendiya yiliga taxminan $10 mingni tashkil etadi, kontrakt to‘liq qoplanadi hamda talabalarga kuniga ikki mahal bepul ovqatlanish imkoniyati yaratiladi. Aviachipta, sug‘urta, yotoqxona va boshqa shaxsiy xarajatlar esa talabaning o‘zi tomonidan qoplanadi.
Foto: Maftuna Masharipovaning shaxsiy arxividan
O‘qishga hujjat topshirish jarayoni asosan DreamApply platformasi orqali amalga oshiriladi. Nomzodlardan diplom, CV, kamida ikkita tavsiyanoma va motivatsion essay talab qilinadi.
Motivatsion essay ayniqsa muhim bo‘lib, unda talabaning maqsadlari, tanlagan yo‘nalishi va kelajak rejalari asosli tarzda yoritilishi kerak. Ko‘plab hollarda aynan shu hujjat stipendiya olishda muhim rol o‘ynaydi.
Shuningdek, aksariyat universitetlar IELTS sertifikatini ham talab qiladi. Mening IELTS natijam 7,5 bo‘lgan. Bundan tashqari, diplomni Italiya ta’lim tizimida tan oldirish uchun CIMEA orqali rasmiy tasdiqlash jarayonidan o‘tish zarur bo‘lib, bu jarayon uchun taxminan 300 yevro to‘lov qilganman.
Qabul va grant jarayonida nafaqat akademik natijalar, balki volontyorlik faoliyati, xalqaro konferensiyalar va turli sertifikatlar ham muhim ahamiyatga ega. Mening holatimda ham aynan shu tajribalar arizamning kuchli bo‘lishiga yordam bergan.
Viza jarayoni
Ko‘pchilik orasida talaba vizasini olish, ayniqsa Italiya vizasini qo‘lga kiritish oson degan noto‘g‘ri tasavvur mavjud. Ko‘pincha “universitetga qabul qilinsa, viza ham muammosiz chiqadi” degan qarash uchraydi. Italiya bo‘yicha ham “grant yutish oson, viza esa deyarli avtomatik tarzda beriladi” deb o‘ylashadi. Biroq amaliyotda bu ancha murakkab va mas’uliyatli jarayondir.
Avvalari menda ham shunday tasavvur bo‘lgan. Hatto universitetda o‘qib yurgan paytlarimda Italiyaga topshirish unchalik qiyin emasdek tuyulardi. Ammo jarayonning ichiga kirgach, ayniqsa viza bosqichida, bu fikrim butunlay o‘zgardi.
Italiya talaba vizasini olish uchun ko‘plab hujjatlar talab qilinadi va har bir ma’lumot sinchiklab tekshiriladi. Jumladan, ota-onaning moliyaviy holati, ish joyi, oylik daromadi, bank hisoblari hamda talabaning o‘ziga tegishli diplom, CIMEA orqali tasdiqlangan ma’lumotlar va ish tajribasini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilishi kerak.
Barcha hujjatlar rasmiy tarzda tarjima qilinib, notarial tasdiqlanishi shart. O‘zbekistondagi ko‘plab hujjatlar o‘zbek yoki rus tilida bo‘lgani sababli, ularni ingliz yoki italyan tiliga o‘girish qo‘shimcha vaqt va xarajat talab qiladi.


Foto: Maftuna Masharipovaning shaxsiy arxividan
Viza olish bir necha bosqichdan iborat. Avvalambor, “Universitaly” platformasi orqali pre-enrollment, yaʼni Italiya universitetiga qabul qilinganlik to‘g‘risidagi tasdiqnoma yuklab olinadi. Ushbu hujjat asosida Italiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan elektron pochta orqali viza suhbati kuni belgilanadi. Odatda, navbat 1−2 oy atrofida beriladi.
Belgilangan vaqt kelgach, ingliz tiliga tarjima qilinib, notarial tasdiqlangan barcha zaruriy hujjatlar topshiriladi. Elchixona ularni ko‘rib chiqib, bir-ikki oy ichida javobini maʼlum qiladi. Shaxsiy tajribamdan kelib chiqqan holda aytsam, iyul boshida suhbatga yozilgan edim, hujjatlarimni 30-iyulda topshirdim va avgust oyi ichida viza chiqdi.
Talaba vizasi uchun ma’lum miqdorda to‘lov ham mavjud bo‘lib, u odatda $70-$150 atrofida bo‘ladi. Bu summa elchixona talablari va xizmat turiga qarab farq qilishi mumkin.
Jarayon davomida elchixona xodimi tomonidan qisqa suhbat o‘tkaziladi. Unda safar maqsadi, tanlangan universitet, o‘qish yo‘nalishi va Italiyada qancha muddat qolish rejalashtirilgani kabi savollar beriladi. Ba’zan oddiy tuyulgan so‘rovlar ham hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. Shu sababli suhbatga jiddiy tayyorgarlik ko‘rish zarur.
Suhbatga oldindan tayyorlanib, o‘z maqsadimni aniq tushuntirib berganman: nima uchun aynan shu yo‘nalishda o‘qishni istayotganim, bu ta’lim menga qanday imkoniyatlar berishi va kelajakdagi rejalarim haqida ochiq gapirganman. Nazarimda, aynan ishonchli va aniq javoblar viza olishimda muhim rol o‘ynadi.
Moslashuv jarayoni
Italiyaga kelgach, duch kelgan eng katta qiyinchiliklardan biri hujjatbozlik jarayoni bo‘ldi. Ayniqsa, yashash uchun ruxsatnoma olish ancha murakkab va uzoq davom etadi. Mamlakatga kelgandan so‘ng qisqa muddat ichida ariza topshirish talab etiladi, biroq keyingi bosqichlar bir necha oyga cho‘zilishi mumkin.
Masalan, men arizani 2025-yil oktabr oyida topshirgan bo‘lsam, biometrik ma’lumotlarni topshirish uchun uchrashuv 2026-yil mart oyiga belgilangan, ruxsatnomam esa may oyida tayyor bo‘lgan. Umuman olganda, bu jarayon 6 oydan 12 oygacha davom etishi mumkin.
Foto: Maftuna Masharipovaning shaxsiy arxividan
Shu jarayonda Italiya va O‘zbekistondagi davlat xizmatlarini ham solishtirish imkoniga ega bo‘ldim. O‘zbekistonda ko‘plab xizmatlar raqamlashtirilgan bo‘lsa, Italiyada ayrim jarayonlar hali ham qog‘oz hujjatlar asosida amalga oshiriladi. Bundan tashqari, davlat idoralarining ish tartibi ham boshqacha bo‘lib, bu ma’muriy ishlarning sekinlashishiga sabab bo‘ladi.
Shu bois Yevropada barcha jarayonlar tez va qulay degan tasavvur har doim ham haqiqatga mos kelmaydi. Men uchun Italiyadagi eng katta saboqlardan biri shuki, tizim tartibli ishlasa-da, ko‘pincha katta sabr va vaqt talab qiladi.
Hayron qoldirgan narsalar
Italiyada, ayniqsa Milanda yashash davomida meni eng ko‘p hayratlantirgan jihatlardan biri ovqatlanish madaniyati bo‘ldi. Bu yerda yozilmagan, ammo hamma amal qiladigan odatlar mavjud. Masalan, kapuchino asosan ertalab ichiladi, kruassan esa nonushta taomi sifatida qabul qilinadi.
Shaharning tarixiy merosga bo‘lgan munosabati ham katta taassurot qoldirdi. Milandagi ko‘plab tarixiy binolar va eski tramvaylar bugungi kungacha saqlanib qolgan hamda kundalik hayotda foydalaniladi. Ular o‘zining klassik dizayni va ovozi bilan tarixiy muhitni eslatadi. Bu yondashuv Toshkentdagi zamonaviy qurilish amaliyotidan ancha farq qiladi.
Pasxa bayrami ham men uchun qiziqarli tajriba bo‘ldi. Bayram arafasida do‘konlar turli bezaklar, shokolad tuxumlari va sovg‘alar bilan to‘ladi. Mehmondorchilikka maxsus sovg‘alar olib borish esa keng tarqalgan odatlardan biri hisoblanadi.

Foto: Maftuna Masharipovaning shaxsiy arxividan
Italiyada sog‘lom turmush tarzi va kitobxonlik madaniyati ham yuqori darajada rivojlangan. Ko‘chalarda yugurayotgan, velosiped haydayotgan yoki metroda kitob o‘qiyotgan odamlarni tez-tez uchratish mumkin. Shuningdek, itlarga bo‘lgan e’tibor ham juda yuqori bo‘lib, ular ko‘plab jamoat joylariga bemalol olib kiriladi.
Milanda yashil hududlarni saqlashga ham katta ahamiyat beriladi. Katta shahar bo‘lishiga qaramay, bog‘lar va dam olish maskanlari ko‘p uchraydi.
Kelishimdan oldin Italiyadagi yozgi issiq va cho‘ntak o‘g‘rilari haqida ko‘p eshitgan edim. Hozircha bunday holatlarga duch kelmagan bo‘lsam-da, metro va jamoat joylarida doimiy ogohlantirishlar berilishi ehtiyotkorlik muhim ekanini ko‘rsatadi. Shu sababli bu yerda yashash nafaqat moslashuv, balki doimiy hushyorlikni ham talab qiladi.
Yashash joyimdagi eshik tizimi ham menga noodatiy tuyulgan tajribalardan biri bo‘lgan. Ko‘plab tashqi eshiklarda tashqaridan ochadigan tutqich bo‘lmaydi. Eshik faqat kalit bilan ochiladi, ichkaridan esa oddiy tutqich orqali ochish mumkin.
Xarajatlar
Milanda yashash davomida eng sezilarli jihatlardan biri yuqori xarajatlar bo‘ldi. Ayniqsa, uy-joy masalasi talabalar uchun eng katta moliyaviy muammolardan biri hisoblanadi. Talabalar turar joyidagi bitta o‘rin odatda 250−400 yevro, alohida xona ijarasi esa 600−700 yevro atrofida turadi. Bundan tashqari, kommunal to‘lovlar ham alohida hisoblanadi.
Men dastlab oyiga 236 yevrolik yotoqxonada yashaganman, biroq universitetga yetib borish uchun qariyb bir yarim soat vaqt sarflanardi. Hozir esa shaharga yaqinroq joyda yashayman va buning uchun oyiga taxminan 400 yevro to‘layman.
Uy ijarasi tizimi ham ancha murakkab. Odatda uy egalari oldindan bir necha oylik to‘lov va depozit talab qiladi. Shu sababli yangi uyga ko‘chib o‘tish uchun sezilarli mablag‘ kerak bo‘ladi.
Ovqatlanish xarajatlari ham yuqori. Oddiy tushlikning o‘zi 9−10 yevrodan boshlanib, restoranlarda esa narxlar yanada qimmatroq. Shu bois shaharda yirik restoranlardan ko‘ra kichik kafe va oshxonalar ko‘proq uchraydi.
Transport tizimi juda yaxshi rivojlangan. Metro, avtobus, tramvay va poyezdlar shaharning turli qismlarini bog‘lab turadi. Umuman olganda, Italiyada yashash ham, sayohat qilish ham puxta moliyaviy rejalashtirishni talab qiladi. Mamlakat tashqaridan jozibador ko‘rinsa-da, kundalik hayot xarajatlari ancha yuqori.
Universitet hayoti
Italiyadagi ta’lim tizimi bilan tanishar ekanman, eng katta farq sifatida kutilmalar va voqelik o‘rtasidagi tafovutni sezdim. Ko‘pchilik Yevropa universitetlarini barcha qulayliklari mukammal bo‘lgan zamonaviy maskan sifatida tasavvur qiladi, biroq amalda holat har doim ham shunday emas.
Universitetim katta kampusga ega bo‘lib, fakultet binolari keng hudud bo‘ylab joylashgan. Ayrim binolar orasidagi masofa uzoq bo‘lgani sababli kampus ichida maxsus transport ham yo‘lga qo‘yilgan.


Foto: Maftuna Masharipovaning shaxsiy arxividan
Oliygohdagi eng qulay jihatlardan biri dars tayyorlash va guruh ishlari uchun mo‘ljallangan o‘quv hududlarining ko‘pligidir. Shuningdek, koridorlarda mikroto‘lqinli pechlar mavjud bo‘lib, talabalar uyidan olib kelgan ovqatlarini isitib iste’mol qilishlari mumkin.
Kutubxona tizimi ham yaxshi rivojlangan. Talabalar keng ilmiy resurslar va onlayn manbalardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lib, kerakli materiallarni topishda maxsus mutaxassislar yordam beradi.
Bundan tashqari, Erasmus almashinuv dasturlari orqali talabalar boshqa davlatlarda bir semestr yoki bir yil davomida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Italiyada ta’lim
Italiyadagi ta’lim tizimi kredit asosida bo‘lib, magistratura uchun odatda 120 kredit to‘plash talab etiladi. Bir semestrda o‘rtacha 30 kredit olinib, fanlar majburiy, laboratoriya hamda tanlov kurslariga bo‘linadi.
Laboratoriya fanlari talabaning o‘z yo‘nalishida chuqurlashishiga imkon beradi. Men barqarorlikni sertifikatlash yo‘nalishini tanlaganman, bu kompaniyalarning ekologik va boshqaruv standartlariga rioya qilishini baholash bilan bog‘liq.
Xalqaro talabalar uchun italyan tilini o‘rganish ham muhim bo‘lib, bitirguncha kamida A2 darajaga chiqish talab etiladi. Til akademik va kundalik hayotda katta ahamiyatga ega.
Darslar ma’ruza, muhokama, taqdimot va guruh ishlari shaklida o‘tadi. Ayrim fanlarda ilmiy maqolalar tahlil qilinadi. Mashg‘ulotlar 2−4 soat davom etadi va orada qisqa tanaffuslar beriladi.
Imtihonlar yozma, og‘zaki yoki aralash shaklda bo‘lib, 30 ballik tizimda baholanadi. O‘tish bali 18 bo‘lsa-da, talabalar yuqori natijaga intiladi. Eng yuqori baho “laude” hisoblanadi.
Bizning yo‘nalishda bu yil 15 nafar talaba o‘qimoqda. Ular turli davlatlardan kelgan xalqaro talabalar.
Umuman olganda, Italiyada ta’lim tizimi erkinlik va talabchanlikni uyg‘unlashtiradi. Talabadan mustaqil ishlash talab qilinadi, shu bilan birga amaliy yondashuv ham kuchli.
Talabalar ishlashi mumkinmi?
Italiyada talabalarga ishlashga ruxsat berilgan va ko‘pchilik o‘qish bilan birga ishlaydi. Biroq men boshidan ishlamaslikni maqsad qilganman, chunki, bakalavr davrida o‘qish va ishni birga olib borish ancha stressli bo‘lgan.
Shu sababli agar magistraturada to‘liq grant yutsam, faqat o‘qishga e’tibor qaratishga qaror qilganman.

Foto: Maftuna Masharipovaning shaxsiy arxividan
Ayni paytda talabalar orasida ishlaydiganlar ko‘p. Ko‘pincha ular jismoniy yoki oddiy ishlarda faoliyat yuritishadi, chunki yaxshi ofis ishlarida italyan tilini bilish deyarli majburiy hisoblanadi.
Shu sababli yetkazib berish xizmatlari, masalan, Glovo kabi platformalarda ishlash keng tarqalgan. Bunday ishlarda daromad ko‘proq ish vaqtiga bog‘liq bo‘ladi. Grant bilan o‘qiyotgan talabalar uchun ishlash taqiqlanmagan, biroq munosib ish topish har doim ham oson emas, chunki Italiya ish bozori hamma uchun bir xil imkoniyat bermaydi.
Keladiganlarga maslahat
Eng asosiy maslahatim katta umidlarni real holatga moslashtirib kelish kerak. Ko‘pchilik bu davlatni ideal tasavvur qiladi, ammo amalda har bir mamlakat kabi Italiyada ham o‘z tizimi, qiyinchiliklari va muammolari bor.
Yana bir muhim jihat — til. Italiyada uzoq yashash yoki ishlash rejalashtirilsa, italyan tilini bilish katta ustunlik beradi. Til nafaqat ish topish, balki kundalik hayotga moslashishda ham muhim rol o‘ynaydi.
Agar asosiy maqsad ta’lim bo‘lsa, e’tiborni o‘qishga qaratish kerak. Italiyada sifatli ta’lim olish imkoniyati mavjud, biroq orttirilgan bilim va tajribani keyinchalik o‘z mamlakatida qo‘llash ko‘pincha yanada samaraliroq bo‘ladi. Chunki bu yerda yashash xarajatlari, ayniqsa ijara va kundalik ehtiyojlar ancha yuqori.
Milanga kelgach, bu shaharning Yevropadagi eng qimmat shaharlaridan biri ekanini yanada chuqurroq his qildim. Ko‘pchilik avvaldan kamida 1−2 oy yashash uchun yetarli mablag‘ bilan kelishni tavsiya qiladi, chunki stipendiyaning tasdiqlanishi va tushishi biroz vaqt oladi. Shu sababli dastlabki davr uchun taxminan 2000−3000 yevro bilan kelish tavsiya etiladi.
Avvaliga bu summa menga katta tuyulgandi, ammo Milanda narxlar va yashash xarajatlari butunlay boshqacha darajada ekanini tushundim. Haqiqatan ham grant tasdiqlanguncha shuncha mablag‘ sarflashga to‘g‘ri kelishini amalda ko‘rdim.







