Prezidentning Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilari va ayrim fuqaro xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2026-yil 10-iyundan Toshkent va Samarqand shaharlarida harbiy xizmatchilarga turarjoyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun to‘lanadigan har oylik pul kompensatsiyasi miqdori 25% ga oshiriladi. Bu haqda mudofaa vaziri Shuhrat Xolmuhamedov O‘zbekiston 24 kanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Mudofaa ishlari boshqarmalari hamda tumanlar (shaharlar) mudofaa ishlari bo‘limlari shtatidagi fuqaro xodimlarning (chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlik rahbarlaridan tashqari) ish haqi 1-iyuldan 20%ga oshiriladi.

2027-yil 1-yanvardan esa ushbu xodimlarning ish haqi yana 50% ga ko‘tariladi.

Bunda fuqaro xodimlarning tarif stavkalari amaldagi mehnatga haq to‘lash razryadlari (yagona tarif setkasi) bo‘yicha tarif koeffitsiyentlarini 10-iyundan e’tiboran 1,2 baravarga oshirish orqali hisoblanadi.

2027-yildan esa tarif koeffitsiyentlari 1,7 baravarga ko‘paytirilib, tarif stavkalari shu asosda hisoblanadi.

Prezident qarori bilan 2025-yilning 1-martidan harbiy xizmatchilar ijara to‘lovlari uchun oylik kompensatsiya miqdori 20% ga oshirilishi haqida xabar berilgandi.

1-iyundan ipoteka kreditlarini ajratish ko‘rsatkichlari asosida uy-joy bilan ta’minlanadigan, 10 yildan ortiq xizmat o‘tagan harbiylarga uy sotib olish yoki qurish uchun ipoteka kreditiga ajratiladigan boshlang‘ich to‘lov miqdori uy-joy qiymatining 35%i miqdorida belgilanadi.

Shuningdek, 1-martdan yil yakunigacha Qurolli Kuchlarning kontrakt bo‘yicha xizmat qilayotgan, amaldagi sarf-xarajatlar doirasida turarjoy bilan ta’minlanmagan oddiy askar, serjant va ofitserlar tarkibidagi harbiylariga ijara to‘lovi uchun beriladigan oylik kompensatsiya miqdori oshirilmoqda.

Bu hududga qarab, quyidagicha:

  • Toshkent shahrida — BHMning 4,8 baravarigacha (1,8 mln so‘m);
  • Nukus shahri va viloyatlar markazlarida — BHMning 3,6 baravarigacha (1,35 mln so‘m);
  • boshqa shaharlar, tuman markazlari va aholi punktlarida — BHMning 2,4 baravarigacha (900 ming so‘m).

Bunda oila a’zolari 3 kishi va undan ko‘p bo‘lgan harbiy xizmatchilar uchun ushbu mablag‘lar miqdori 50% ga oshiriladi.

2026-yildan har yili har oylik kompensatsiya to‘lovlari miqdori hududlar kesimida turarjoy ijarasining bozor narxlaridan kelib chiqqan holda, hukumat qarori bilan belgilab boriladi.