Rossiyaning oltita viloyatida tibbiyot muassasalari o‘rtasida dronlar yordamida dori-darmonlarni yetkazib berish sinovdan o‘tkazilmoqda. Bu haqda TACC nashriga Rossiya sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko ma’lum qildi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, pilot loyihalar mamlakatning oltita hududida ishga tushirilgan. “Ha, oltita hudud sinovdan o‘tkazilmoqda”, — dedi Murashko agentlik savoliga javoban.

Uning aniqlik kiritishicha, uchuvchisiz uchish apparatlari tibbiyot tashkilotlari o‘rtasida dori vositalarini tashish uchun ishlatiladi.

Test sinovlari sog‘liqni saqlash tizimiga uchuvchisiz texnologiyalarni joriy etishning navbatdagi bosqichi bo‘ldi. Tibbiy yuklarni tashish uchun dronlardan foydalanish imkoniyati avvalroq 2026-yilga mo‘ljallangan fuqarolarga bepul tibbiy yordam ko‘rsatishning davlat kafolatlari dasturida belgilangan edi.

Tibbiyot tashkilotlari dori-darmon va biomateriallarni yetkazib berish uchun uchuvchisiz aviatsiya tizimlaridan foydalanish huquqiga ega bo‘lgani haqida Sog‘liqni saqlash vazirligi yanvar oyida xabar bergan edi.

O‘shanda Sog‘liqni saqlash vaziri yordamchisi Aleksey Kuznetsov muassasalar bunday texnologiyalardan zarur bo‘lgan joyda foydalanishi mumkinligini, bu bilan bog‘liq xarajatlarni majburiy tibbiy sug‘urta mablag‘lari hisobidan qoplashga ruxsat berilishini tushuntirgan edi.

Vazirlikning ta’kidlashicha, majburiy tibbiy sug‘urta tarifi tarkibida biomateriallar, dori vositalari va boshqa tibbiy yuklarni tashish uchun uchuvchisiz aviatsiya tizimlaridan foydalanish xarajatlari nazarda tutilgan.

Shunday qilib, bunday yechimlarni joriy etish uchun me’yoriy baza allaqachon shakllantirilgan va endi hududlarda texnologiyani amaliy sinovdan o‘tkazish boshlandi.

Sinovda aynan qaysi subyektlar ishtirok etishi va dronlar yordamida qanday turdagi dori vositalari tashilishi hozircha aniqlanmagan.

Shuningdek, tajriba loyihalarini yakunlash muddatlari va ularning samaradorligini baholash mezonlari oshkor etilmagan.


Avvalroq Rossiyada dronlar kuryerlar o‘rniga pitsani yetkazib berishi mumkinkigi haqida xabar berilgandi.

Transport vaziri Andrey Nikitinning so‘zlariga ko‘ra, tez orada dronlar yordamida pitsa buyurtma qilish ilova orqali kuryerni chaqirish kabi oson bo‘ladi.