9-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida raqamli va sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
2025-yilda tog‘-kon sanoati korxonalari mamlakat sanoat ishlab chiqarishining qariyb 20% ini tashkil etdi va byudjetga tushumlar 118,5 trln so‘mni tashkil etdi.
Hukumat geologik qidiruv va foydali qazilmalarni qazib olishda raqamli texnologiyalar hamda sun’iy intellektdan foydalanishni kengaytirishni rejalashtirmoqda.
Xususan, sun’iy intellekt yordamida geologik ma’lumotlarni tahlil qilish, foydali qazilma konlarini prognozlash, zaxiralarni baholash va burg‘ulash ishlarining samaradorligini oshirish ko‘zda tutilgan.
Hozirda mamlakatda “Geomonitoring” tizimi mavjud bo‘lib, 2 mingdan ortiq kon ma’lumotlari raqamli formatga o‘tkazilgan. Shuningdek, kelgusi besh yilda zaxiralarni 879 tonnaga, kumushni 510 tonnaga, misni 676 ming tonnaga ko‘paytirish ishlari boshlangan.
Taqdimotda 2030-yilgacha geologiya va tog‘-kon sanoatiga $30 mlrddan ortiq investitsiya jalb qilish maqsad qilingani taʼkidlandi. Buning uchun, avvalo, investorlar talab qilayotgan sifatli va ishonchli raqamli maʼlumotlar bazasini shakllantirish zarur.
Shu munosabat bilan Geologik maʼlumotlar milliy bazasini yaratish taklif qilindi. Mazkur jarayonda Texnologik transformatsiya markazi tashkil etilib, mavjud 36 mingdan ortiq hisobotlar va birlamchi maʼlumotlar raqamli ko‘rinishga o‘tkaziladi.
Natijada geologik maʼlumotlarni shakllantirish, konlarni modellash va zaxiralarni hisoblash jarayoni 2 karra tezlashadi.




Taqdimotda 2026−2030-yillarda geologiya sohasida hamda 6 ta yirik korxona — Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, Navoiyuran, O‘zmetkombinat, O‘zbekko‘mir hamda O‘zbekiston texnologik metallar kombinati’da sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha jami 44 ta loyihani amalga oshirish rejalari haqida axborot berildi.
Ushbu loyihalar besh asosiy yo‘nalishni qamrab oladi: ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish, korporativ boshqaruvni raqamlashtirish, sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish, mehnat va sanoat xavfsizligini taʼminlash hamda kon-geologiya ishlarini raqamli transformatsiya qilish.
Loyihalarni amalga oshirish natijasida operatsion samaradorlik 7% ga, texnika va uskunalar ishonchliligi 20% ga, energiya samaradorligi esa 8% ga oshishi kutilmoqda. Shuningdek, inson omili bilan bog‘liq xato va xavflar 15% ga kamayishi mumkin.
Keyinchalik ushbu yechimlarni patentlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Mutasaddilarga tog‘-kon sanoati korxonalari biznes-rejalarini tuzishda ishlab chiqarish va mehnat resurslari samaradorligini oshirishga oid chora-tadbirlarni kiritish, texnologik va sunʼiy intellekt loyihalari bo‘yicha alohida dasturlarni tasdiqlab borish topshirildi.
Avvalroq Sport O‘zbekistonda 1-iyundan ko‘mir narxlarini davlat tomonidan belgilash amaliyoti bekor qilinishi haqida yozgandi.



